Saudiya Arabistoni bilan energetika sohasidagi munosabatlar yangi bosqichda rivojlanadi

    Energetika 25 Iyul 2022 966

    Bugun, 25-iyulda Energetika vazirligi delegatsiyasining Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdul Aziz bin Salmon Al Saud va “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Tomonlar energetika sohasidagi hamkorlik loyihalarining rivojlanayotgani, xususan, Oʻzbekiston energetika sohasidagi qator loyihalarda “ACWA Power” kompaniyasining faol ishtirok etayotganini alohida taʼkidladilar.

    Xususan, yigʻilishda energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev taʼkidlaganidek, kompaniyaning Oʻzbekistonda rejalashtirilgan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarining umumiy hajmi bugungi kunda 2,6 GVtni tashkil etadi, yaʼni 1,1 GVt – Buxoro viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi shamol elektr stansiyalari hamda Sirdaryo viloyatidagi 1,5 GVt quvvatga ega issiqlik elektr energiyasi hisoblanadi.

    Uchrashuvda “ACWA Power” kompaniyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Yigʻilishda 1,1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish masalalari muhokama qilindi. Bugungi kunga kelib, yer maydonlari aniqlangan va shamolning birlamchi tadqiqotlari olib borilmoqda.

    Uchrashuvda, shuningdek, vodorod va qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi masalalar ham muhokama qilindi. Prezidentimizning 2021-yil 9-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilyapti.

    Uchrashuvda tomonlar gaz va elektr tarmoqlarini mahalliylashtirish, qayta ishlash, rivojlantirish va raqamlashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, inson kapitalini rivojlantirish kabi yoʻnalishlarni qamrab oluvchi hamkorlik boʻyicha doiraviy bitim va “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish yuzasidan alohida ishchi guruhlar tuzishga kelishib oldilar.

    Tashrif davomida “SABIC” (Saudiya Arabistoni) neft-kimyo kompaniyasi delegatsiyasi bilan loyihalarni aniqlash va ularni birgalikda amalga oshirish, “Saudi Aramco” kompaniyasi bilan geologik qidiruv va jarayonlarni raqamlashtirish sohasida uchrashuv tashkil etish hamda gaz uzatish tizimini rivojlantirish boʻyicha KAUST Fan va texnologiya universiteti negizida kadrlar malakasini oshirish sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilinadi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.