Saudiya Arabistoni bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi

    Xalqaro hamkorlik 6 Noyabr 2023 1039

    Oʻzbekiston elchixonasi vakillari Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vazirligining Osiyo departamenti bosh direktori Muhammad al-Matrafi bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

    Muloqot avvalida Muhammad al-Matrafi ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar mazmunan va sifat jihatidan barcha sohalarda yangi bosqichga koʻtarilayotgani, oliy va yuqori darajadagi tashriflar soni ortib borayotgani, saudiyalik ishbilarmonlarning oʻzbekistonlik sheriklar bilan hamkorlik munosabatlarini oʻrnatishga boʻlgan intilishlarini yuqori baholadi.

    Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida Hukumatlararo qoʻshma komissiya va siyosiy maslahatlashuvlar muntazam ravishda oʻtkazib kelinayotgani oʻz oʻrnida qardosh xalqlarni oʻzaro bogʻlab turuvchi rishtalarni yanada yuksak pogʻonalarga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

    Saudiya Arabistoni tomoni, shuningdek, joriy noyabr oyida Ar-Riyoz shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan ikki davlat tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini oʻtkazishdan manfaatdor ekanini maʼlum qildi.

    Ushbu siyosiy tadbir oʻzaro munosabatlar holatini chuqur tahlil qilish, yangi istiqbolli yoʻnalishlarni belgilab olish va hamkorlik koʻlamini oshirish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.