Saudiya Arabistoni bilan koʻp qirrali hamkorlik mustahkamlanadi

    Xalqaro hamkorlik 7 Yanvar 2023 1707

    Joriy yil 6-yanvarda Urganch shahridagi studiyadan Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali muzokaralar oʻtkazdi.

    Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetika sohalarida ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi chogʻida imzolangan kelishuvlarni amalga oshirishni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama etildi.

    Oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirishning jarayoni, jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida quvvati 1,5 GVt boʻlgan Qoʻngʻirot shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha investitsiyaviy bitim va Oʻzbekistonda “yashil vodorod” ishlab chiqarish loyihasi koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, ACWA Power kompaniyasi bilan birgalikda umumiy qiymati 4,2 milliard dollardan ortiq boʻlgan 5 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Gap Buxoro, Sirdaryo viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi umumiy quvvati 4,1 GVt boʻlgan elektr stansiyalari haqida boryapti.

    “Biz Saudiya Arabistoni kompaniyalari bilan mavjud hamda ishlab chiqilayotgan qoʻshma loyihalarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun har tomonlama yordam koʻrsatishga va aniq amaliy choralar koʻrishga tayyormiz”, — dedi Laziz Kudratov.

    Shu nuqtayi nazardan Saudiya Arabistonining Sabic, Saudi Telecom, Doktor Sulaymon Al-Habib Medical Group, Jamjoom Pharma, Al Rajhi International va Ajlan & Bros Holding Group, Al Hokair Group kabi yirik kompaniyalari va Saudiya Milliy banki bilan muqobil energiya, bank sektori, kimyo, farmatsevtika sanoati, telekommunikatsiyalar, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi va chakana savdo kabi sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan konstruktiv fikr va takliflar almashildi. Shuningdek, yirik mintaqaviy transport-logistika, energetika va infratuzilmaviy loyihalarini amalga oshirishga Saudiya Arabistoni sarmoyalarini jalb etish imkoniyatlari alohida koʻrib chiqildi. Saudiya Arabistoni tomoni oʻzbekistonlik hamkasblarini muhokama etilgan tashabbuslarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminlashda har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirdi.

    Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi strategik hamkorlik doirasida erishilgan kelishuvlarni ilgari surish boʻyicha birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.