Saudiya Arabistoni bilan transport sohasidagi hamkorlik rivojlantiriladi

    Transport 20 Aprel 2022 589

    Joriy yil 18-aprelda Ar-Riyod shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Transport vaziri Ilhom Mahkamovning Saudiya Arabistoni Qirolligi Transport vaziri Solih Al-Jasser bilan ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda tomonlar transport sohasidagi hamkorlik istiqbollari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining infratuzilma loyihalariga investitsiyalarni jalb etish masalalarini muhokama qilishdi.

    Suhbat chogʻida fuqaro aviatsiyasi sohasidagi oʻzaro munosabatlar jumladan Makka va Madina shaharlariga ziyoratchilarni tashishni tashkil etish borasidagi istiqbollar yuksak baholandi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar transport-logistika sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlik aloqalarni rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasida yoʻlovchi va yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha amaliy qadamlarni davom ettirishga kelishib oldilar.

    Shuningdek, ikki mamlakat aviatsiya maʼmuriyatlari oʻrtasida fuqaro aviatsiyasi sohasida qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan ikki tomonlama bayonnoma imzolandi, deb xabar beradi Transport vazirligi matbuot xizmati.