Muzokaralar davomida “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi haqida maʼlumot va taqdimot materiallari, uyushma hamkorlik rejasi taqdim qilindi. Jumladan, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasiga qarashli oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tayyorlagan charm-poyabzal va moʻynachilik mahsulotlarini Saudiya bozoriga eksport qilish, sohaga ilgʻor zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, podshohlik davlat idoralari xodimlariga maxsus kiyimlar boʻyicha davlat xaridlarida (tender yoki konkurslar) respublikamiz vakillari ishtirokini taʼminlash kabi masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralar SLIC kompaniyasining zavodiga tashrif doirasida ham davom etdi. Xolid Al-Jabr ishlab chiqarish jarayoni bilan bevosita yaqindan tanishtirdi. Korxonada ishlatilayotgan texnika va texnologiyalar asosan Germaniyada ishlab chiqarilgan. Mahsulotlar kompaniyaning doimiy mijozlari boʻlgan ARAMCO, SABIC, Saudi Airlines, Amiantit, LUBREF kabi kompaniyalar buyurtmasiga asosan tayyorlanadi. Bundan tashqari, SLIC kompaniyasi boshqa Arab koʻrfazi mamlakatlari Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiya kabi tuzilmalari uchun ham maxsus poyabzallar ishlab chiqaradi.
Suhbatdoshning soʻzlariga koʻra, Hozirgi kunda Xitoy va Italiya Saudiya kompaniyasining xomashyo mahsulotlari yetkazib beruvchi asosiy hamkori sanaladi.
Xolid Al-Jabr shuningdek, kelajakda Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan xomashyolarni (tayyor mol, qoʻy va echki terilari, poliuretan pastasi, izotsianat komponenti va hokazolar) eksport qilish masalasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.