Oʻzbekiston elchisi Nodirjon Turgʻunov Saudiya Arabistonidagi “Al Faris International” kompaniyasi raisi Osama bin Solih bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistonda taʼlim sohasida yangi innovatsion oʻquv dasturlarini tatbiq etish, xususiy xalqaro maktablar filiallarini ochish va oʻqituvchilar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Osama bin Solih soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida oliy va yuqori darajadagi tashriflar sonining oshganini, savdo hajmi koʻpayganini va Saudiya sarmoyalarining misli koʻrilmagan darajada oshib borayotganini qayd etdi. U oʻzi boshqarayotgan “Al Faris International” kompaniyasi taʼlim sohasini rivojlantirish, oʻqitish sifatini yaxshilash, oʻquvchilar bilimini oshirish yoʻnalishida ish olib borishini bildirdi.
Kompaniya sarmoyasi bilan tashkil etilgan xalqaro maktablar dunyo mamlakatlari xalqaro standarti “IBO”ga asosan faoliyat olib bormoqda. Ular Saudiyadagi maktablar orasida eng yuqori oʻrinlarda turadi.
Mamlakatimiz elchisi shu kabi maktablarni Oʻzbekistonda ochish, oʻquvchilar bilimini har tomonlama yaxshilash va oʻqituvchilarning malakaviy koʻnikmasini oshirish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish taklifini bildirdi.
Saudiya tomoni ushbu taklifni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qilib, bu borada barcha imkoniyatlar mavjudligini bildirdi. "Biz yuz foiz oʻz kapitalimiz asosida yoki oʻzbekistonlik sheriklar bilan xalqaro maktablarni tashkil etishga tayyormiz.
Ushbu maktablarda xalqaro standartlarga mos ravishda taʼlim beriladi, oʻqish xorijiy va mahalliy til qatʼiy talabi asosida olib boriladi. Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim muassasalari ham tashkil etiladi. Bunda 6 yoshgacha boʻlgan bolalarga maktabga tayyorgarlik boʻyicha kuchaytirilgan darslar oʻtiladi", dedi u.
Uchrashuv yakunida “Al Faris International” kompaniyasi delegatsiyaning Oʻzbekistonga safarini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.