Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi emlanganlarga Haj amalini bajarishga ruxsat beradi

    Dolzarb 2 Mart 2021 756

    Musulmon ziyoratchilari Makka va Madinada muqaddas joylarni ziyorat qilish hamda Haj va Umra amallarini bajarish uchun yangi koronavirusga qarshi emlanishi kerak boʻladi. Saudiya Arabistoni hukumati shunday qaror qabul qildi.

    “Koronavirusga qarshi emlanish Haj amalini bajarishning asosiy sharti boʻlib qoladi”, — deyiladi mamlakat sogʻliqni saqlash vaziri Taufuk ar-Rabianing eʼlon qilingan maʼlumotida.

    Bu yil Haj amali iyul oyining ikkinchi yarmida bajarilishi kerak boʻladi. Oʻtgan yili ushbu jarayon pandemiya tufayli bor-yoʻgʻi 10 ming kishi ishtirokida amalga oshirilgan edi. Ulardan 30 foizi saudiyaliklar, 70 foizi esa mamlakat hududida yashovchi chet elliklar edi. Tashqaridan esa Haj amalini bajarishga qoʻyilmagan edi. Maxsus ruxsatnomalar asosan 20 yoshda 50 yoshgacha boʻlgan surunkali kasallik bilan kasallanmagan, koronavirus yuqtirmagan, avval Haj amalini bajarmagan va karantin choralariga bardosh bera oladigan shaxslarga berilgan edi. Chet ellik jurnalistlar voqealarni yoritishga qoʻyilmagan edi.

    Oʻtgan yili noyabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni 50 yoshdan oshgan, hamda PSR-testidan oʻtgan ziyoratchilarni Umra amalini bajarishlari uchun mamlakat hududiga kirita boshladi, deb xabar beradi TASS.