Bugun, 18-fevral kuni poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia boshchiligidagi delegatsiya bilan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar, Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev va boshqa tegishli mutassaddilar ishtirokida muloqot boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlash joiz, mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalarga asoslangan Oʻzbekiston – Saudiya Arabistoni aloqalarining yuqori darajasi ikki davlat yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan oʻzaro doʻstona munosabatlar natijasidir.
Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, mazkur tashrifdan maqsad Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni Podshohligi oʻrtasidagi hamkorlik munosabatlarini yanada takomillashtirish, ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish sifatini oshirish, diniy-maʼrifiy, ilmiy-tadqiqot, turizm, transport sohasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilganini bildirdi.
Vazir janoblari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino kabi ulamolarning islom maʼrifatiga, jahon tamadduniga qoʻshgan beqiyos hissasini taʼkidlab, qadim madaniyat va bebaho asori-atiqalar yurti boʻlgan Oʻzbekistonga saudiyaliklarni ham ziyoratga targʻib etishda faol boʻlishini aytib oʻtdi.
Shuningdek, muloqotda ikki davlat oʻrtasida ilmiy-tadqiqot ishlarida keng koʻlamli hamkorlik qilish, din ulamolari ishtirokida anjumanlar oʻtkazish, Saudiya Arabistoni fuqarolari Oʻzbekistonning Samarqand, Buxoro, Termiz kabi qadimiy shaharlariga ziyoratga kelishlarini tashkil etish kabi ishlarni rivojlantirish borasida taklif va mulohazalar aytib oʻtildi.