Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifni tayyorlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar muhokama etildi

    Mamlakatimizda 5 Avgust 2022 1700

    Shu yil 3-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev raisligida hamda vazirlik va idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari rahbarlari ishtirokida Oʻzbekiston delegatsiyasining Saudiya Arabistoni Podshohligiga rejalashtirilgan tashrifini tayyorlash masalalarini muhokama qilishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Tashrifga tayyorgarlik koʻrish jarayonida bajarilgan ishlar toʻgʻrisida masʼul rahbarlarning hisobotlari tinglandi. Tadbir kun tartibini mazmun jihatidan boyitish maqsadida neft-kimyo, togʻ — kon sanoati, qurilish tarmogʻi, qishloq xoʻjaligi, tibbiyot, bank va moliya sohalarida investitsiyaviy loyihalarni hamda savdo shartnomalarini ishlab chiqish va kelishishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

    Xususan, “ Acwa Power ” kompaniyasi bilan imzolash uchun qoʻshma loyihalar toʻplamini tayyorlashni tezlashtirish, “Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group” va “Sabik” kompaniyasi bilan muzokaralar oʻtkazish, “Al-Raji International” bilan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni imzolashga tayyorlash topshirildi. Shuningdek, Saudiya kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borish boʻyicha topshiriq berildi. Tashrif maydonlarida ikki mamlakatning energetika, qishloq xoʻjaligi, innovatsion rivojlanish, transport, taʼlim, turizm, sport, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishni belgilovchi bir qator shartnomalar va memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgan.

    Yigʻilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga boʻlajak tashrifga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrishga doir qoʻshimcha topshiriqlar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.