Saudiya Arabistoni Qirolligi Turizm vazirligi bilan Memorandum imzolandi

    Turizm 22 Avgust 2022 1627

    Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi va Saudiya Arabistoni Qirolligi Turizm vazirligi oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv Memorandumi imzolandi.

    Turizm sohasida oʻzaro foydali hamkorlik va doʻstona aloqalarni qoʻllab-quvvatlashga, tenglik, oʻzaro hurmat tamoyillariga asoslangan mazkur Memorandumda quyidagilarga kelishib olindi:

    – oʻzaro turistlar oqimini 100 ming kishiga yetkazish;

    – turistlarni jalb etish uchun oʻzaro madaniy, sivilizatsion va tarixiy merosdan foydalanishga targʻib etish;

    – mavjud turistik yoʻnalishlarni yanada rivojlantirish va yangi turistik yoʻnalishlarni ochish boʻyicha oʻzaro kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, guruh va individual turizmning har xil turlarini kengaytirish;

    – tabiiy resurslar va madaniy boyliklarni turistik diqqatga sazovor joylar sifatida saqlash;

    – mehmonxona, turistik kurortlar va turistlarni joylashtirish obyektlarini ularning samaradorligini tekshirish mexanizmlarini faollashtirish bilan boshqarish;

    – turistik tadbirlar va safarlar tashkillashtirish;

    – turizmni rivojlantirish uchun investitsiyalar kiritish;

    – kichik va oʻrta turistik tashkilotlarni, turistik saytlarni rivojlantirish.

    Shuningdek, hujjatga koʻra tomonlar OAVda chop etilgan maqolalar, filmlar va turistik eksponatlarni oʻzaro almashadilar. Ekspertlar va turizmga ixtisoslashgan OAV vakillari uchun oʻzaro sayohatlar tashkillashtiriladi.

    Memorandumda qoʻshma turistik faoliyatni tashkil etish, har ikki davlatda tashkil etiladigan koʻrgazma, konferensiya va simpoziumlarda qatnashish ham koʻzda tutilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Qolaversa, quyidagi jabhalarda ham izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyildi:

    – turizmga ixtisoslashgan taʼlim muassasalarini tashkil etish;

    – turizm sohasida oʻzaro mutaxassislar almashish;

    – turizmga oid xalqaro forumlarda oʻzaro hamkorlik qilish va bir-birini qoʻllab-quvvatlash.

    Eslatib oʻtamiz, Turizm va madaniy meros vazirligi tomonidan bundan avval Turkmaniston, Ozarbayjon, Isroil, Tojikiston va boshqa davlatlar bilan ham turizm sohasida turli kelishuvlar imzolangan.