Saudiya Arabistoni qishloq xoʻjaligi sohasida Oʻzbekiston bilan hamkorlikni kengaytiradi

    Agrosektor 22 Sentabr 2020 3789

    Mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi tomonidan ushbu mamlakatning SALIC (Saudi Arabian Livestock Investment Company) kompaniyasi ijrochi direktori Sulaymon Al-Rumayh bilan uchrashuv oʻtkazildi.

    Uchrashuv davomida Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalasi, xususan, mamlakatimizning agrar yoʻnalishdagi salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilayotgan sharoit, oziq-ovqat xavfsizligi masalasi global miqyosda muhim ahamiyat kasb etayotgani atroflicha muhokama qilindi.

    ALIC kompaniyasining asosiy maqsadi Saudiya Arabistonining oziq-ovqat xavfsizligi, xususan, bugʻdoy, arpa, makkajoʻxori, soya, guruch, shakar, oʻsimlik moyi, yashil ozuqa, goʻsht, parrandachilik va sut mahsulotlari hamda baliqchilik kabi birlamchi qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlashga yordamlashishdir. Kompaniya mazkur turdagi mahsulotlarni xorijda ekadi va yetishtiradi, ularni Saudiyaga import qiladi. Ukraina bilan bugʻdoy yetishtirish va mamlakatga yetkazish boʻyicha faol hamkorlik olib boradi.

    Shundan kelib chiqib, Saudiya Arabistoni tomoniga ushbu mahsulotlardan ayrimlarini investitsiya loyihasi doirasida Oʻzbekistonda yetishtirish imkoniyatlarini oʻrganish taklif etildi.

    Hamkor tomon taklifni qoʻllab-quvvatlab, Oʻzbekiston bilan hamkorlik oʻrnatishga katta qiziqish mavjudligini taʼkidladi. Oʻzbekistonda yetishtiriladigan meva-sabzavot va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari sifat jihatdan yuqori ekanini taʼkidladi.

    Al-Rumayhning soʻzlariga koʻra, agarda Oʻzbekistonda investitsiya loyihasi doirasida mahsulotlarni yetishtirish uzoq vaqtni talab etsa, dastlabki bosqichda respublikamizdan tayyor mahsulotlarni yirik hajmda Saudiyaga import qilish imkoni borligini taʼkidladi.

    Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni kompaniyasi goʻsht mahsulotlari, baliqchilik, bugʻdoy importi boʻyicha Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

    Muloqotda elchixona tomonidan Namangan viloyatida 55 million dollarga teng “Chicken King” parrandachilik klasterini barpo etish hamda Qoraqalpogʻistonning Kegeyli tumanida 3,2 million dollarga teng “Chorvachilik majmuasini yaratish” loyihalari taqdimoti oʻtkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.