Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv bo‘lib o‘tldi

    Xalqaro hamkorlik 4 May 2021 468

    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Saudiya Arabistoni Podshohligi tashqi ishlar vaziri Faysal bin Farxon al-Saud bilan uchrashuv o‘tkazdi, unda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

    Tomonlar joriy yilning may oyida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 4-raundini videokonferensiya shaklida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar. Tadbir xalqaro kun tartibi doirasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashish, shuningdek, ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilish imkonini beradi.

    Saudiya Arabistoni tomoni Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va dinamik ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berib, ularni hayotga tatbiq etishda har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.

    O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Hukumatlararo komissiyasining 4-yig‘ilishi kun tartibi doirasida ko‘rib chiqiladigan masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ikki mamlakat vazirlik va idoralari rahbarlarining bunday shakldagi samarali va muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama munosabatlarni sezilarli darajada mustahkamlash hamda qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish uchun zamin yaratishi ta’kidlandi.

    Tomonlar ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalar jadallashganini mamnuniyat bilan qayd etdilar: rivojlanayotgan konstruktiv muloqot savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik qilish istiqbollari yuzasidan muntazam fikr almashish imkonini bermoqda. Shu nuqtai nazardan, «O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni» Parlamentlararo do‘stlik guruhining joriy yilning mart va aprel oylarida o‘tkazilgan uchrashuvlarining amaliy natijalari yuqori baholandi.

    Uchrashuv yakunida ikki davlat o‘rtasida ma'qullangan tashabbuslar va mavjud bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha yaqindan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.