Saudiya Arabistoni yurtimiz tabiiy oʻsimliklariga qiziqish bildirdi

    Biznes 2 Aprel 2021 700

    Saudiya Arabistonida Oʻzbekiston tabiiy oʻsimliklaridan tayyorlangan mahsulotlarni sotish tarmogʻi tashkil etiladi.

    Elchi Ulugʻbek Maqsudov milliy mahsulotlarni Saudiya bozoriga eksportini kengaytirish masalalarini muhokama qilish uchun Saudiya Arabistonining “Edweiat” kompaniyasi raisi Sulaymon As-Samariy bilan uchrashdi.

    Mamlakatimiz elchixonasi maʼlumotiga koʻra, “Edweiat” kompaniyasi podshohlikda tabiiy va organik mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanadi. Kompaniya rahbari Sulaymon As-Samariy esa Oʻzbekistonda “Mehrigiyo” brendi ostida giyohlar va tabiiy oʻsimliklardan tayyorlangan turli mahsulotlarni Saudiya Arabistonidagi dileri etib tayinlangan.

    S.As-Samariy “Mehrigiyo” kompaniyasi mahsulotlariga katta qiziqish bilan qarashi bejiz emasligini taʼkidladi. “Kompaniya kichik korxona shaklida tashkil yetilgan boʻlib, soʻng fitoterapiya va muqobil tibbiyot sohasi mutaxassislari saʼy-harakatlarini birlashtirish, zamonaviy farmatsevtika va qadimiy Sharq tabobatining ilmiy yutuqlarini oʻzida mujassam qilgan. Hozirda ushbu brend Oʻzbekistonning ichki bozorida hamda chet davlatlarda salomatlik va goʻzallik uchun ilgʻor mahsulotlarni taqdim etishga muvaffaq boʻlmoqda”, — dedi u.

    Saudiyalik ishbilarmon mazkur sohada Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilayotganidan mamnun ekanini va u mamlakatimizga tashrifi davomida mahsulot tayyorlash jarayonini yaqindan kuzatganini aytdi.

    Muloqotda dastlabki bosqichda Ar-Riyod shahrida “Mehrigiyo” mahsulotlari savdosi uchun maxsus doʻkon tashkil etilishi va uning ochilish marosimini oʻzbek brendi asoschilari ishtirokida oʻtkazilishini maʼlum qildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Elchixona binosida Saudiya Arabistoni kompaniyalari va importchilari uchun “Mehrigiyo” mahsulotlarining doimiy koʻrgazmasi tashkil etilgan.