Saudiya Arabistonida IT Park Uzbekistan vakolatxonasi ochildi

    Bu Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim bosqich boʻldi.

    Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida IT Park Uzbekistan vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasida axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim bosqich boʻldi.

    Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nutq soʻzladi.

    Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni innovatsion ekotizimlari oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar jadal surʼatlar bilan rivojlanib bormoqda. Bu mintaqadagi sheriklarning mamlakatimizning jadal rivojlanayotgan texnologik sektoriga boʻlgan qiziqishini aks ettiradi, – dedi Sherzod Shermatov.

    Vazirning taʼkidlashicha, bunday tashabbuslar iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlaydi. Yangi ish oʻrinlarini yaratishga koʻmaklashadi, mahalliy mutaxassislarning kasbiy oʻsishi va rivojlanishi uchun imkoniyatlar ochadi.

    Tadbir doirasida mehmonlar Oʻzbekiston IT sektorini va biznes muhitini qoʻllab-quvvatlashning asosiy dasturlari, jumladan, rivojlanayotgan startap ekotizimi va ularni rivojlantirish uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan tanishdi.

    IT Parkʼning Saudiya Arabistonidagi vakolatxonasi ikki mamlakat innovatsion ekotizimlari oʻrtasidagi hamkorlik va tajriba almashinuvini qoʻllab-quvvatlovchi koʻprik boʻladi.