Bu haqda O‘zbekiston fuqarosi D.I. Bosh konsulxonaga ariza bilan murojaat qildi, deb yozadi "Dunyo" AA.
Murojaatchi ularni O‘zbekistonga qaytarib yuborish masalasida amaliy yordam so‘ragan.
Ta’kidlanishicha, taqdim etilgan aviachiptaga binoan, ziyoratchilar joriy yil 15-sentyabr kuni Umra ibodatlarini yakunlab, Vatanga qaytishlari kerak bo‘lgan.
Biroq sayyohlik firmasi tomonidan ziyoratchilarning Vatanga qaytib ketmaslik sababi tushuntirilmagan, faqat yaqin kunlarda O‘zbekistonga qaytib ketishlari mumkinligi aytilgan. Ziyoratchilarning aksariyati yoshi keksalar va ayollar bo‘lgani tufayli ular vahimaga tushib qolgan.
Bosh konsulxona vakillari sayyohlik kompaniyasi mas’ul xodimi bilan bog‘lanib, ziyoratchilarni xavfsiz va tez fursatlarda O‘zbekistonga qaytarish masalasini muhokama qildi.
Firma vakillariga ko‘ra, aviachiptalarga mas’ul hamkorlar bilan yuzaga kelgan ba’zi muammolar bois, ziyoratchilarga oldindan rejalashtirilgan yo‘nalishga aviachiptalarni o‘z vaqtida sotib olishning imkoni bo‘lmagan.
Vaziyat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olindi va firmaga ziyoratchilarni mehmonxona bilan ta’minlash hamda aviachiptalar xarid qilish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Barcha hamyurtlarimiz vaqtincha Makka shahridagi "Samaa Al-Misk Hotel" mehmonxonasiga joylashtirildi.
Olib borilgan muzokaralar natijasida sayyohlik firmasi tomonidan ziyoratchilar uchun aviachiptalar xarid qilindi. Ziyoratchilar 17-sentyabr kuni "Fly Khiva" aviakompaniyasining "Madina – Toshkent" yo‘nalishidagi samolyoti bilan O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.








