Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston – mutafakkirlar mamlakati. Imom Buxoriy Vataniga sayohat” nomli kitob nashr etildi

    OAV O‘zbеkiston haqida 16 Avgust 2022 2327

    Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston – mutafakkirlar mamlakati. Imom Buxoriy Vataniga sayohat” nomli kitob nashrdan chiqdi.

    Kitob Saudiya Arabistonilik taniqli jurnalist, yozuvchi, ajdodlari asli Fargʻona vodiysining Qoʻqon shahridan boʻlgan Abdulaziz Muhammadamin Qosim tomonidan yozilgan.

    U 2019-yil noyabr-dekabr oylarida ota-bobolari yurti – Oʻzbekistonga safar qilib, mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgan, milliy urf-odatlar bilan yaqindan tanishib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgan.

    Abdulaziz Qosimning safari oʻsha yillari Oʻzbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsuli boʻlib ishlagan Sirojiddin Shamsiddinov tashabbusi va koʻmagida tashkil etilgan. Oʻzbek diplomati adibni sayohat taassurotlari haqida kitob yozishga undagan va uning respublikamiz boʻylab sayohat qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga koʻmaklashgan.

    Natijada Oʻzbekistonning tarixi, iqtisodiyoti, joʻgʻrofiy joylashuvi, etnografiyasi, milliy oʻziga xosligi va millatlararo munosabatlari, xalqaro aloqalari, oʻzbek xalqining madaniyati, urf-odat va anʼanalari atroflicha yoritilgan asar dunyoga keldi. Muallif mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, unda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhiti, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tashqi va ichki siyosat, Oʻzbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan keng koʻlamli islohotlarni atroflicha qalamga olgan. Har bir boʻlim buyuk va mashhur mutafakkirlar, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, jamoat arboblari ijodidan iqtiboslar bilan yakunlanadi. Kitob sahifalaridan Qurʼon oyatlari va hadislar ham oʻrin olgan.

    Muallif jahon sivilizatsiyasi, jumladan, Islom olami rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan ulugʻ ajdodlarimiz hayotini atroflicha tasvirlab bergan.

    “Kitobni oʻqir ekansiz, jahonga Islom sivilizatsiyasining qator alloma va namoyandalarini taqdim etgan, tarixda oʻchmas iz qoldirgan, adogʻi yoʻq muvaffaqiyatlarga erishgan, tarixi bugungi kunga qadar muhrlanib qolgan koʻhna bir xalqning buyuk tarixiga shohid boʻlasiz. Shu oʻrinda aytib oʻtish joizki, biz bu ulugʻ yurtda yashab ijod qilgan, shuhrati olis-olis ufqlarni zabt etgan allomalardan ayrimlarining nomlarini, afsuski, hanuzgacha eshitmagan ekanmiz, holbuki Gʻarbda bu siymolarga katta qiziqish bilan qarashyapti, insoniyat madaniyati rivojiga ularning qoʻshgan hissasi hamda ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ixtiro va asarlari eʼtirofi oʻlaroq, yulduz va sayyoralar ularning ismi bilan atalyapti”, deb yozadi muallif.

    Shu bilan birga, kitobda mamlakatimiz tarixi, Oʻzbekistonning mustaqil taraqqiyoti yoʻlida erishilgan muvaffaqiyatlariga oid muhim maʼlumotlar keltirilgan.

    “Ayni zamonda oʻzbek xalqi oʻz yetakchisi Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida oldinga qarab ildam odimlab boryapti. Prezident saʼy-harakatlari bilan mamlakatda din va matbuot erkinligiga keng yoʻl ochilishiga erishildi. U xalqaro miqyosda ishbilarmon-sarmoyadorlarni oʻz yurtiga kelishga chorladi, pirovard natijada sarmoyalar kiritilishi uchun ularga qulay sharoitlar, iqtisodiy oʻsishni taʼminlovchi katta imtiyozlar taqdim etilyapti.

    Shavkat Mirziyoyev mamlakatda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash eʼlon qildi. Bundan tashqari, bu azim yurtning yuksak qadri, maqomi va bir necha yuz yillar mobaynida erishgan tarixiy-madaniy muvaffaqiyatlari, betakror Islom sivilizatsiyasi yodgorliklari ahamiyatini teran anglash zaminida tashqi va ichki sayyohlikka, shuningdek, ziyorat turizmiga keng imkoniyatlar taqdim etuvchi yangi dastur ham Prezident rahbarligida ishlab chiqildi. Oʻzbekiston rahbariyatining bu strategik rejalarga ogʻishmay rioya etishi samarasida oʻzbeklar yurtining sivilizatsiya olamida yetakchi mamlakatlar safidan oʻrin egallashiga ishonaman”.

    Muallif oʻtgan asr boshlarida katta qiyinchiliklar bilan bir qancha davlatlar orqali Podshohlikka kelib, joylashib qolgan, anʼanaviy ravishda “Buxoroliklar” deb ataladigan vatandoshlarimizning bugungi avlodlari haqida ham soʻz yuritgan.

    Abdulaziz Muhammadamin Qosim oʻz taassurotlari va hikoyalarini sarhisob qilar ekan, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy rivoji, ikki davlatning turli yoʻnalishlardagi, jumladan, diniy-maʼrifiy sohadagi hamkorligi, oʻzbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratlari amallarini bajarish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida ham toʻxtalgan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    “Xotima oʻrnida shuni ishonch bilan aytamanki, Oʻzbekistonga uyushtirgan safarlarim davomida bu yurtda koʻrganlarim men uchun Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoda tutgan mavqei, elining himmati, aql-zakovati va ulugʻvor oʻtmishi tufayli ildamlab borayotgan, yaqin kelajakda ulkan shaʼnu shavkatga sazovor davlat darajasiga qadar yuksalishini bot-bot taʼkidlashim uchun asos boʻladi”, deb yozadi Abdulaziz Muhammadamin Qosim.

    Bir soʻz bilan aytganda, ushbu kitob Saudiya Arabistonidagi yirik oʻzbek diasporasi vakillariga oʻz ajdodlari Vatanining tarixi va zamonaviy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi, shuningdek, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni xalqlari oʻrtasidagi birodarlik va doʻstlik rishtalari, oʻzaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.