баннер
25 Mar 2025
19:32

    Saudiya Arabistonidan 19 nafar oʻzbekistonlik ortga qaytarildi

    Shu yilning 12-14-mart kunlari 19 nafar Oʻzbekiston fuqarosi, jumladan, Saudiya Arabistoni huquq-tartibot idoralari tomonidan ilgari hibsga olingan ayollar yurtimizga qaytarildi.

    Bu haqda «Dunyo« AA maʼlum qildi.

    Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan Saudiya Arabistonining vakolatli organlari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida barcha hibsga olinganlar oʻz oilasi bagʻriga qaytishga muvaffaq boʻldi.

    Oʻzbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga turistik vizalar bilan kelgan, biroq zarur ruxsatnomalarni olmasdan ishga joylashish maqsadida mamlakatda qolgan.

    Hibsga olinganlar orasida 20 yoshga toʻlmagan vatandoshlar ham bor. Ulardan baʼzilari qarindoshlariga xabar bermasdan sayohatga chiqqani oilalarda tashvish va faol qidiruvga sabab boʻlgan.

    «Xorijga chiqishni rejalashtirayotgan barcha fuqarolarimizga qabul qiluvchi davlat qonunchiligini oldindan oʻrganishni, mahalliy anʼana va meʼyorlarni hurmat qilishni, shuningdek, qonuniy boʻlish va ishga joylashish uchun barcha zarur hujjatlarni tayyorlashni qatʼiy soʻraymiz. Bundan tashqari, turli vaziyatlarda muloqot qilish uchun mezbon davlat tilining asoslarini oʻrganish tavsiya qilamiz. Saudiya Arabistonida qiyin vaziyatlarga duch kelsangiz Ar-Riyoz shahridagi elchixona yoki Jiddadagi Bosh konsulxonaga murojaat qilishingiz mumkin«, deyiladi xabarda.


    Telegram kanalimiz
    Text to speech