Muloqot chogʻida Saudiya Arabistoniga Oʻzbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga jalb qilish masalalari muhokama qilindi.

Faysal al-Dovud ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi va olib borayotgan oqilona boshqaruvi natijasida Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari jadal surʼatlar bilan rivojlanib borayotganini yuqori baholadi.

“Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar aholi turmush darajasini yaxshilash, mamlakat iqtisodiyotini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan. Shuningdek, xorijiy ishbilarmonlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar mamlakatingizning investitsiyaviy qiyofasini oshirishga xizmat qilmoqda”, - dedi u.

Saudiya vakili, shuningdek, Oʻzbekistonda “Dhaef Global Recruitment” kompaniyasini tashkil etganini maʼlum qildi va mazkur kompaniya Saudiya Arabistoniga oʻzbekistonlik ishchilarni qonuniy tarzda jalb etishga koʻmaklashini bildirdi.

Maʼlum qilinishicha, ishga qabul qilingan va shartnoma imzolagan ishchilar Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vazirligi tomonidan mutaxassisligi boʻyicha ishlab chiqilgan “Musanid” platformasi orqali viza bilan taʼminlanadi.

“Dhaef Global Recruitment” ayni paytda Oʻzbekistondagi “Hilton Academy” oʻquv-mashgʻulot markazi bilan hamkorlik oʻrnatib, ishga jalb etilganlarni tajriba koʻnikmalari, ingliz va arab tili boʻyicha bilimlarini oshirish boʻyicha qisqa muddatli oʻquv kurslarni tashkil qilgan. Oʻzbekistonda amaliyot oʻtab, podshohlikka kelgan ishchilar ushbu davlatdagi “Mahara” oʻquv markazida takroran amaliyot oʻtaydi va oʻz mutaxassisligi boʻyicha ishga taqsimlanadi.

Qayd etilishicha, xizmat koʻrsatish, aviatsiya, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, qurilish sohalariga Oʻzbekistondan malakali ishchilarni jalb etish rejalashtirilgan. Shuningdek, Saudiya Arabistonida oshpaz va ofitsiantlarga talab yuqori boʻlgani bois mazkur yoʻnalishda ham ishchilarni yollash nazarda tutilmoqda.

Uchrashuv yakunida “K-Dot Partners” kompaniyasi ijrochi direktori Faysal al-Dovud boshchiligidagi delegatsiyaning joriy yil 30-noyabr – 5-dekabr kunlari Oʻzbekistonga amaliy safarini tashkil etish hamda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralarini uyushtirishga kelishib olindi.