2024-yil fevral oyidan buyon Caudiya Arabistonining Makka shahridagi shifoxonalardan birida davolanayotgan hamyurtimiz I.I. Oʻzbekistonga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo" AA xabar berdi.
Oʻzbekiston Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga koʻra, yurtdoshimiz shu yilning yanvar oyida oila aʼzolari bilan ziyorat qilish uchun Saudiya Arabistoniga kelgan va keyinchalik insult tashxisi bilan Makka shahridagi Ibn Sino kasalxonasiga davolanish uchun yotqizilgan. Vatandoshimizning viza muddati tugashi va mamlakatdan chiqib ketishga taqiq qoʻyilgani tufayli Oʻzbekistonga qaytib keta olmagan.
Shu vaqt davomida Oʻzbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi I.I.ning oilasiga zarur maslahat yordamini koʻrsatgan va diplomatlar Saudiya sayyohlik kompaniyalaridan biri bilan birgalikda vatandoshimizni Oʻzbekistonga qaytarilishida koʻmaklashdi.
Barcha masalalar hal etilgach, joriy yilning 22-avgust kuni bemorning uyiga parvozi uchun yoʻl hujjatlari rasmiylashtirilib, shifoxonadan Jidda xalqaro aeroportiga zarur tibbiy asbob-uskunalar bilan yetkazilishi taʼminlandi.
Natijada, joriy yilning 23-avgust kuni fuqaro I.I. va uning oʻgʻli J.I. shifokor hamrohligida Toshkentga joʻnatildi.