баннер
23 Mar 2025
18:04

    Saudiya Haj va Umra vazirining Oʻzbekistonga tashrifi boshlandi

    Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vaziri doktor Tavfiq bin Favzon Ar-Rabiʼa Oʻzbekistonga keldi. Ikki kun davom etadigan rasmiy tashrifdan koʻzlangan maqsad Rahmon mehmonlariga, jumladan oʻzbek umrachilariga eng yuqori darajada xizmat koʻrsatish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash va mavjud tizimni takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdir.

    Taʼkidlash joiz, mustahkam tarixiy, madaniy va diniy rishtalarga asoslangan Oʻzbekiston – Saudiya aloqalarining yuqori darajasi ikki davlat yetakchilari rahbarligida olib borilayotgan oʻzaro doʻstona va faol saʼy-harakatlar, intilishlar samarasidir.

    Maʼlumki, hamyurtlarimiz Makka al-Mukarrama va Madinai Munavvaraga kelayotgan ziyoratchilarning salmoqli qismini tashkil etadi. Shu bois vazirning tashrifi mobaynida Umrada xizmat taqdim etadigan shirkatlar faoliyatini yaxshilash, ibodatni uzluksiz va xotirjam ado etishni kafolatlash maqsadida ishni Oʻzbekiston hukumati mutasaddilari bilan birgalikda tashkil etish bilan bogʻliq holatlar kelishiladi. Shuningdek muzokaralarda saudiyalik avia kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash, tashuvchilarning mahalliy bozordagi ishtirokini kengaytirish orqali umrachilarning Podshohlikka borishini yengillashtirish mavzulari ham koʻtariladi.

    2024-yil taxminan 461 ming vatandoshimiz Umra ziyoratini ado etdi. Bu borada Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda yetakchi, dunyo boʻyicha birinchi oʻntalikka kirgan. Ayni yoʻnalishdagi tizim takomillashtirilishi Saudiyaning “2030-yilga nigoh” strategiyasi maqsadiga mos. Qolaversa, keyingi yillarda Podshohlikning mehmonlarga eng zamonaviy texnologiya va innovatsiyalar yordamida yuqori darajada xizmat koʻrsatishga intilishi ham yaqqol namoyon boʻlmoqda.

    Tarixiy, madaniy va diniy mushtaraklikka asoslangan Oʻzbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi aloqalar samarali hamkorlikning ajoyib namunasi sanaladi. Mamlakatimiz 1991-yil istiqlolga erishgandan keyin Podshohlik Toshkent bilan mustahkam aloqa oʻrnatishga kirishdi. Avvalo, Oʻzbekiston mustaqilligi eʼtirof etildi. Soʻngra elchixonalar darajasida diplomatik munosabat oʻrnatilib, yuqori darajadagi tashriflar almashish yoʻlga qoʻyildi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda doʻstona aloqalar misli koʻrilmagan jadallik kasb etdi.

    Xususan, hukumatlarimiz oʻzaro majburiyatlardan kelib chiqib, Umra boʻyicha oʻzbek shirkatlari tuzilishiga ustuvor masala sifatida qaraydi. Bu jarayonda sifatli xizmat koʻrsatish meʼyori kafolatlangan.

    Saudiya Haj va Umra vazirligi oʻz faoliyatini respublikamizdagi vakolatli tomonlar bilan muvofiqlashtirgan holda amalga oshiradi. Tegishli shirkatlar mehmonlar uchun munosib yashash joyi, transport vositalarini hozirlash boʻyicha vazifasini samarali ado etishi nazorat qilib boriladi.

    Podshohlik texnologiya taraqqiyoti doirasida raqamlashtirish tizimiga tayangan qator tashabbuslarni ilgari surgan. Masalan, “Nusuk” elektron platformasi umrachilarimiz muammoga duch kelmasligini taʼminlashga hissa qoʻshadi. Mazkur tizim safarni oldindan oson tashkil qilish imkonini beradi. Bu jarayon viza olishdan boshlanib, transport va yashash joyiga buyurtma berish, hatto manosiklarni ado etish vaqtini belgilashgacha qamrab oladi. Shu tariqa ibodatni toʻliq va yengil ado etish kafolatlanadi.

    “Haramayn” tez yurar poyezdida Makka al-Mukarrama va Madinai Munavvara orasidagi masofa tez va xavfsiz bosib oʻtiladi. Shu tariqa tegishli Umra talablarini ado etish, Paygʻambarimiz masjidlarini ziyorat qilish mumkin.

    Butun dunyo boʻylab Haj va Umraga talab oshib borayotgani uchun Ikki muqaddas masjid hududini kengaytirishga qaratilgan ulkan loyihalar amalga oshirildi. Tavof va saʼy qilinadigan manzillar yaxshilandi. Infratizim, shuningdek kasalxona, salomatlik markazi kabi yordamchi xizmat koʻrsatadigan majmualar faoliyati takomillashtirildi. Bularning bari oʻzbek Hojilari va umrachilari ham ibodatni qiyinchiliksiz, namunaviy shart-sharoitda ado etishiga yoʻl ochib berdi.

    “2030-yilga nigoh” strategiyasida Ikki muqaddas masjidda yaratilgan qulay shart-sharoitni yanada yaxshilash zarurligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, ekologiyani asraydigan suv taʼminoti, tiklanadigan energiya tizimi, sunʼiy idrok texnologiyasi asosida ziyoratchilarning ulkan guruhlari toʻplanishini boshqarish, koʻrsatmalarni qator tillar, jumladan oʻzbek tilida ham yetkazish tizimi ishga tushirildi.

    Saudiya Haj va Umra xizmati tizimini takomillashtirishda davom etadi. Xususan, Oʻzbekiston bilan birga zikr etilgan saʼy-harakatlar koʻlamini bundan keyin ham kengaytirib boraveradi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech