Mamlakatimizning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Oʻzbekiston turizm infratuzilmasini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Toif shahridagi yirik tadbirkorlardan biri boʻlmish Yusuf Turkistoniy bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Suhbat davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish yoʻlidagi islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan biznes-qulayliklar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, Yusuf Turkistoniy Oʻzbekistondagi biznesini kengaytirish harakatida ekanligini maʼlum qildi. Jumladan, ayni paytda u Fargʻona vodiysida “Arablar shaharchasi” nomi ostida turistik dam olish maskanini barpo etishni rejalashtirmoqda.
Suhbatdoshning taʼkidlashicha, ushbu turistik maskanni Fargʻona shahri va Chimyon sanatoriyasi oʻrtasidagi adirliklarda 15 gektar yer maydonda barpo etish moʻljallanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 3 million dollarni tashkil etadi. Shu munosabat bilan u joriy yilning sentyabrida Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan.