Vazirlar Mahkamasining qaroriga koʻra:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasining Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy boʻlinmalari tomonidan savdo, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlariga davlat tilida nom berish (neyming) xizmati koʻrsatiladi.

Markaz va uning hududiy boʻlinmalariga obyektlarga davlat tilida nom berish xizmatini koʻrsatishga oid quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklansin:

– davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiq keladigan, milliy qadriyatlarga mos hamda obyektlarga qoʻyish tavsiya etiladigan nomlar zaxirasini onlayn rejimida shakllantirish hamda uni doimiy yangilab borish;

– tashqi yozuv, peshlavha, reklama va eʼlonlar matnini tayyorlash, shuningdek, ularning davlat tili qoida va meʼyorlariga muvofiqligi, nomlarning bir xil yoki oʻxshashlik darajasi yuzasidan lingvistik ekspertiza oʻtkazish;

– nomlash, nom yaratish faoliyati bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorlik qilish, ularga maslahat yordamlari koʻrsatish;

– jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga koʻra obyektlar uchun davlat tili qoida va meʼyorlariga, qonunchilik hujjatlariga va milliy qadriyatlarga mos boʻlgan davlat tilida nomlar yaratish va tanlash boʻyicha shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatish.

Obyektlarga nom berish “Davlat tili haqida”, “Firma nomlari toʻgʻrisida” va “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

– bir oy muddatda Markazga ushbu qarorda nazarda tutilgan qoʻshimcha vazifalar yuklanganligini hisobga olgan holda uning ustavini yangi tahrirda tasdiqlaydi hamda belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan qayta oʻtkazilishini taʼminlaydi;

– ikki oy muddatda Markazni davlat tilida nomlashning lingvistik meʼyorlari va metodikasini ishlab chiqish hamda nomlash, nom yaratish boʻyicha metodik qoʻllanma va adabiyotlar bilan taʼminlash choralarini koʻradi;

– olti oy muddatda Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlari uchun davlat tilida nomlashning lingvistik meʼyorlari va metodikasi asosida yaratilgan nomlar zaxirasining elektron dasturiy taʼminotini ishlab chiqish va uni Davlat xizmatlari agentligining Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilish choralarini koʻradi.