Maʼlum qilinishicha, 2-may kuni soat 10:00 larda Olmazor tumani Qora qamish 2/4 dahasidagi savdo doʻkonlaridan birining oldida 42 yoshli D.Q. bir nechta fuqarolar bilan savdo qilish uchun joy talashgan.
Soʻngra oʻzaro kelisha olmay janjallashib, oʻzini noodatiy tutgan holda norozilik bildirib, yonida boʻlgan yelim idishdagi benzinni ustiga quyib, oʻz-oʻzini yoqib yuborgan.
Natijada ayol yuzi, ikkala qoʻli, tanasining oldi qismi 35 foiz termik kuyishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shuningdek, oʻtkazilgan birlamchi surishtiruv davomida D.Q. bundan oldin ham fuqarolar bilan savdo qilish uchun joy talashib janjallashgani hamda bir necha marotaba oʻzini yoqish holatlarini sodir etishga harakat qilgani, biroq xodimlar tomonidan buning oldi olingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani prokuraturasi tomonidan tekshiruv oʻtkazilmoqda.