Savdo-sanoat palatasining vazifalari kengaytirildi

    Biznes 24 Yanvar 2023 1798

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 23-yanvardagi “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Mazkur qarorga muvofiq Savdo-sanoat palatasi quyidagilarga haqli:

    - Hukumatga ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, biznesning rivojlanishiga toʻsqinlik qilayotgan yoki uni cheklayotgan NHHlarga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, ularni bekor qilish toʻgʻrisidagi koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan masalalarni kiritish;

    - Palata aʼzolarining manfaatlarini koʻzlab Oliy sudga ariza berish hamda iqtisodiy, maʼmuriy, fuqarolik va jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlarini qayta koʻrib chiqish yuzasidan shikoyat kiritish;

    - Oliy Majlis, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va idoralarda, shuningdek, xalqaro tashkilotlarda tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini ifodalash;

    - biznes muhitini yaxshilash boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida, tadbirkorlik masalalari borasida jamoatchilik eshituvlarini tashkil qilib borish va boshqalar.

    2023-yil 1-fevraldan boshlab:

    - mikro, kichik va oʻrta tadbirkorlik subyektlari Palata aʼzoligiga, aʼzolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi hamda qonunda nazarda tutilgan aʼzolik bilan bogʻliq Palata xizmatlaridan toʻlaqonli foydalanish huquqiga ega, Palata tomonidan koʻrsatilishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha pullik xizmatlar bundan mustasno;

    - tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organ tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aʼzo sifatida roʻyxatga qoʻyish uchun Palataga elektron tizim orqali yuboriladi;

    - Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi hamda hududiy fuqarolik jamiyatini qoʻllab quvvatlash jamoat fondlari hisobidan Palata va uning hududiy boʻlinmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.

    Palata tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarida Oʻzbekiston sudlariga taqdim etadigan ariza, daʼvolar hamda apellyatsiya va kassatsiya shikoyatlari boʻyicha davlat boji toʻlovlaridan ozod etiladi.

    Bundan tashqari, xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda Palataga milliy hamkor biriktirish talabi qoʻllanilmaydi.

    Davlat organlari va idoralar tomonidan tadbirkorlikka oid barcha tashqi begʻaraz koʻmak loyihalarini amalga oshirishda Palata loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi.

    Palataning tarmoqlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi uchun uning huzurida jamoatchilik asosida tarmoqlar kesimida qoʻmitalar tashkil etiladi.

    Tadbirkorlar bilan joylarda toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida Palataning hududiy boshqarmalari huzurida jamoatchilik asosida kamida 20 nafar ilgʻor tadbirkorlardan iborat Tadbirkorlik kengashlari tashkil etiladi.

    Hujjat bilan Respublika hududlarida tashkil etiladigan “Tadbirkorlar xiyobonlari”ning roʻyxati tasdiqlandi, u yerda tadbirkorlar, bank vakillari, investorlarning biznes loyihalarini muhokama qilish hamda “B2B” tadbirlari oʻtkaziladi, deb xabar beradi “Norma”.