Tadbir Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Xalqaro savdo boʻyicha vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, shuningdek, ikki mamlakat diplomatik missiyalari tomonidan tashkil etildi. Unda ikki davlat vazirliklari va idoralari rahbarlari, xalqaro moliya institutlari va rivojlanish boʻyicha hamkorlar hamda Britaniyaning yirik xususiy kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov tadbir ishtirokchilariga qutlov nutqi bilan chiqish qildi. Shuningdek, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining xalqaro savdo vaziri oʻrinbosari Greg Xends, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B.Abidov, Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi Tim Torlot va Oʻzbekiston Respublikasining Buyuk Britaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi S.Rustamov nutq soʻzladi.
Maʼruzachilar oʻz soʻzlarida Kengash yigʻilishi Oʻzbekiston–Britaniya ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda yangi sahifa ochganligini taʼkidladilar. Bu esa Buyuk Britaniya kompaniyalarining Oʻzbekistonning jadal taraqqiy topib borayotgan bozoriga qiziqishi ortayotganligidan dalolat beradi. Tadbir UBTICning butun tarixidagi eng koʻp ishtirokchilarni yigʻdi: “British Petroleum”, “Energy Industries Council”, “Rio Tinto”, “Worley Parsons”, “Petrofac”, “Cambridge Education Partnership”, “Mott MacDonald”, “TheCityUK”, “Sturgeon Capital” kabi yirik kompaniyalarning 700 dan ortiq vakillari qatnashdi.
Anjuman davomida “Oʻzbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi” mavzuida yalpi majlis boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekistonda investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishning bugungi tendensiyalari, shuningdek, davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan izchil ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasida Respublikada biznes yuritishning shakllangan afzalliklari atroflicha koʻrib chiqildi.
Buyuk Britaniya tomoni iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi tizimli oʻzgarishlar dinamikasi va samaradorligini yuqori baholadi, oʻz navbatida, Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri sifatida Oʻzbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Qayta tiklanadigan energetika va taʼlim mavzulari boʻyicha sessiyalarda hamkorlikning amaliy jihatlari ikki mamlakat vazirlik va idoralari vakillari hamda Britaniyaning bir qator xususiy kompaniyalari rahbarlari ishtirokida batafsil muhokama etildi.
Tadbirning birinchi kuni yakunlari boʻyicha ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida hamkorlik qilish, xususan, Britaniyaning Portsmut, Bangor, Stratklayd hamda Kembrij universitetlari bilan “ikki diplomli” dasturlar boʻyicha bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Uchrashuv bugun ham davom etadi. Dastur boʻyicha Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi xalqaro savdo vazirining oʻrinbosari lord Garri Grimstoun, iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Suma Chakrabarti, Buyuk Britaniyaning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida savdo komissari Judit Sleyter nutq qilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, ikki mamlakat hukumatlari va ishbilarmon doiralari ishtirokida sogʻliqni saqlash va moliya sohalari boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar va alohida mavzular boʻyicha sessiyalar bilan bir qatorda, Oʻzbekistonda xususiylashtirish dasturi ijrosini muhokama qilishga bagʻishlangan yalpi majlis oʻtkazilishi ham kutiladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.