Hujjat bilan:
- Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi ekspert komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom;
- Savdodagi texnik toʻsiqlar boʻyicha axborot markazi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanmoqda.
Ekspert komissiyasi ishlab chiqilgan texnik reglamentlarni, ularga oʻzgartirish va qoʻshimchalar loyihalarini ekspertizadan oʻtkazish, shuningdek, amaldagi texnik reglamentlarni bekor qilish boʻyicha takliflar hamda ular yuzasidan xulosalar tayyorlash uchun Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va (yoki) tegishli sohada davlat siyosatini yurituvchi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari huzurida tuziladi.
Texnik reglament loyihasini ishlab chiquvchi organ uni komissiyaga yuboradi, komissiya aʼzolari tomonidan 15 kalendar kun ichida takliflar taqdim etiladi. Taqdim etilgan loyiha boʻyicha komissiya yigʻilishida qaror qabul qilingandan soʻng qaror bir hafta ichida manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining Standartlar instituti tuzilmasida Savdodagi texnik toʻsiqlar boʻyicha axborot markazi tashkil etilmoqda. Uning vazifalari:
- JSTga aʼzo davlatlarni respublikada xalqaro standartlarga asoslanmagan yoki ulardan sezilarli darajada farq qiladigan yangi texnik reglamentlar ishlab chiqilayotgani toʻgʻrisida oʻz vaqtida (ishlab chiqish bosqichida) xabardor qilish;
- JSTga aʼzo davlatlar axborot markazlari soʻrovlariga javoblar taqdim etish;
- JSTga aʼzo davlatlarining yangi texnik reglamentlarni ishlab chiqish boʻyicha xabarnomalari boʻyicha fikr bildirish;
- JSTga aʼzo davlatlarning savdodagi texnik toʻsiqlar sohasida rejalashtirilgan yoki qabul qilingan choralari toʻgʻrisidagi xabarnomalarni respublikaning tegishli ijro etuvchi hokimiyat organlari, korxonalari va boshqa manfaatdor tomonlarga ularning soʻroviga koʻra taqdim etish.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 26-martdan kuchga kirdi.