Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlarni toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida respublikamiz boʻylab sport musobaqalar muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Navoiy viloyatida ham aholining barcha qatlamini jismoniy tarbiya va ommaviy sportga jalb qilish boʻyicha koʻplab ishlar olib borilmoqda. Bunga misol qilib Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston yengil atletika va triatlon federatsiyalari hamda Navoiy viloyati hokimligi hamkorligida oʻtkazilgan “Yangi nafas” dasturi doirasidagi “Save Aral” marafoni keltirishimiz mumkin.
Ushbu musobaqada 7 yoshdan 70 yoshgacha boʻlgan besh ming nafardan ortiq aholi ishtirok etdi. Marafon Navoiy shahridagi “Oʻzbekiston“ kinoteatri binosi yonidan start olib, ishtirokchilar uch kilometrlik masofani bosib oʻtdilar. Ommaviy marafonda davlat va jamoat tashkilotlarining rahbarlari hamda xodimlari, aholining turli qatlamlari oʻz kuchlarini sinab koʻrishdi.
Musobaqa yakunida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilar qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Maʼlumot uchun: ushbu loyiha Prezident farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan boʻlib, “Save Aral” marafoniga Andijonda start berilgan edi. Mamlakatimizning 19 shahrida oʻtkaziladigan marafonga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq shahrida yakun yasaladi.










