“Saxovat va koʼmak" umumxalq harakati – davlat va xalq qudratining amaliy ifodasi

    Аzal-azaldan xalqimiz har qanday sharoitda bir-biriga yelka tutgan, yordam qoʼlini choʼzgan. Koʼmakka muhtoj qoʼni-qoʼshni, qarindoshurugʼ, tanish-bilish mahalla hamda elu yurt yordami bilan oʼzini tiklab olgan. Аjdodlarimiz turli sinov va ofatlardan ham ana shu birdamlik orqali oʼtgan, qiyinchiliklarni birgalikda mardona yenggan.

    2020-yili butun dunyoni qamrab, bugun ham o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq jarayonlar insoniyatga chinakamiga o‘ta og‘ir sinovli damlarni boshlab berdi.

    Pandemiya keltirgan ofatdan xalqimizni asrash, mamlakat iqtisodiyoti va ijtimoiy hayot barqarorligini ta’minlash maqsadida yurtimizda qat’iy choralar ko‘rildi. Ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, ehtiyojmand oilalar aniqlanib, ularga manzilli yordam ko‘rsatildi. Xalqimizning tarixiy va ma’naviy qadriyatlari, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlari natijasi o‘laroq “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati yo‘lga qo‘yildi.

    Ushbu tashabbusning huquqiy asosi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-apreldagi farmoyishi bilan O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyatlardagi bo‘limlari, tuman va shahar bo‘linmalari huzurida “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tashkil qilindi.

    “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘larini kollegiallik, ochiqlik, qonuniylik va ijtimoiy adolat prinsiplariga tayangan holda tasarruf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Jamg‘arma nizomiga asosan, tuman va shaharlarda har bir sektor rahbari tegishli mahalla faollari bilan birgalikda mahallalardagi oilalar, fuqarolarning moddiy ahvolini o‘rganib, haftalik yordam ko‘rsatiladigan ehtiyojmand oilalar ro‘yxati va ularga beriladigan mablag‘lar, kundalik iste’mol tovarlari, dori vositalari hajmini shakllantiradi. Sektorlar tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlar xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga kiritilib, deputatlar muhokamasiga qo‘yiladi. Kengash sessiyasi qaroriga asosan, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan mablag‘lar aniq ko‘rsatilgan maqsadlarga yo‘naltiriladi.

    2020-yilda O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi huzuridagi “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasiga jismoniy va yuridik shaxslar, mahalliy budjetdan kelib tushgan mablag‘lardan 11,2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Shundan 5,8 milliard so‘m mablag‘ Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish va suv toshqinidan aziyat chekkanlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.

    Joriy yilda ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam (pul shaklida), oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari yetkazib berish bilan bir qatorda ehtiyojmand bemor fuqarolarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, sog‘lig‘ini tiklash, shuningdek, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, nogiron ayollarning uy-joylarini ta’mirlash, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarni mamlakatimizning tarixiy go‘shalariga sayohatini tashkil qilish kabi maqsadlarga jamg‘arma hisobidan 19,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.

    Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan ehtiyojmand oilalar va ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash hamda qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashining qaroriga asosan, Xatirchi tumanidagi “Asalari klaster” MCHJ va Qiziltepa tumanidagi “Akmal shifo asali” fermer xo‘jaligidan jami 1 500 ta asalari oilasi xarid qilinib, Karmana, Xatirchi, Qiziltepa, Navbahor, Nurota va Konimex tumanlarida istiqomat qiluvchi 431 ehtiyojmand oila vakillariga beg‘araz tarqatildi.

    Shuningdek, viloyatimizda uyda o‘tirgan, ishsiz, nogironligi bo‘lgan 2 494 nafar xotin-qizning har biriga 20 ta parranda bir oylik yemi bilan yetkazib berildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari buyurtmachi sifatida “KARMANA GOLDEN EGGS” MCHJ bilan 46 ming 860 ta parranda xaridi uchun shartnoma imzoladi. Hozirda 25 mingta parranda ehtiyojmand ayollarga tarqatildi.

    Sir emaski, ko‘plab ehtiyojmand fuqarolar, ayniqsa, ayollar oilasida mablag‘ taqchilligi sabab davolanishi yoki jarrohlik amaliyotiga imkon topolmay qiynaladi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi va tegishli mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda pandemiya davrida har bir mahalla kesimida o‘rganilib, “Temir daftar”ga kiritilgan tibbiy-ijtimoiy xizmatga muhtoj fuqarolar, asosan, xotin-qizlarning 117 nafar ro‘yxati shakllantirildi. Fuqarolarni davolash va jarrohlik amaliyoti uchun jami 1 milliard 727 million so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Hozirgacha 34 nafar xotin-qizga qariyb 840 million so‘m mablag‘ berildi.

    “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatlari, dam olishlari, sanatoriylarda davolanishi uchun alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yil mobaynida “Kasaba sayr” sho‘’ba korxonasi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 2 150 nafar xotin-qizning mamlakatimiz bo‘ylab sayohatini tashkil etish rejalashtirilgan. Bugungi kunda 1 300 dan ortiq xotin-qiz O‘zbekistonning tarixiy qadamjolariga sayohat qildi.

    Ayni paytda ham “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ehtiyojmand, nogironligi bor oilalarga, ijtimoiy daftarlar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarga har tomonlama yordam berish ishlari davom etmoqda.

    Faxriddin Soliyev,

    “Mahalla” xayriya jamoat fondi navoiy viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi