Saxovatpeshalik, bagʼrikenglik azal-azaldan xalqimizga xos insoniy fazilatlardan biri boʼlib kelgan. 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan Toshkent viloyatida tashkil etilgan tadbirda ushbu olijanob fazilatlar yanada yorqin namoyon boʼlmoqda.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev, korxona va tashkilot rahbarlari, nogironligi boʼlgan shaxslar, yolgʼiz keksalar va mehnat faxriylari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

Bayram marosimida Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Zoyir Mirzayev soʼz olib, viloyatda joriy yilning dekabr oyi davomida “Inson qadri uchun” shiori ostida xayriya aktsiyasi eʼlon qilinganini taʼkidlab, mazkur oylikda barchani faol ishtirok etishga chorladi.

Tadbirda ixtisoslashtirilgan maktab internatlarida taʼlim olayotgan nogironligi boʼlgan oʼquvchilarning qoʼl mehnati bilan yaratilgan buyumlarning savdo yarmarkasi tashkil etildi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, aksiyadan tushgan mablagʼlar viloyatdagi nogironligi boʼlgan fuqarolarning sogʼligʼini tiklash, nogironlarni protez-ortopediya mahsulotlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan taʼminlash kabi xayrli ishlarga yoʼnaltiriladi.