“Sayan yurishi”. Xalqaro musobaqa debyutantlari boʻlgan oʻzbekistonlik harbiylar 3-oʻrinni zabt etishdi

    Harbiy 19 Aprel 2021 905

    Sinchkov muxlislarimizga bir guruh harbiy xizmatchilarimiz Rossiya Federatsiyasida Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilayotgan “Sayan yurishi” musobaqasida qatnashayotgani yaxshi maʼlum.

    Eslatib oʻtamiz, “Sayan yurishi” musobaqasiga 7 davlatdan 8 ta jamoalar, yaʼni Oʻzbekiston, Xitoy, Rossiya, Rossiya ayollar jamoasi, Qirgʻiziston, Tojikiston, Abxaziya va Janubiy Osetiyalardan vakillar 2021-yil 8-apreldan musobaqaga tayyorgarlik jarayonini ilovadagi dasturga va oʻquv joyi chizmasiga muvofiq boshladi.

    Bir necha kun davomida yurtdoshlarimiz belgilangan shartlar boʻyicha oʻzlarini toblashdi. Bu yerda togʻ qoyalarining tuzilishi oʻzgacha, 50 kmlik marshrutni bosib oʻtish ham anchagina ter toʻkishni talab qiladi. Boz ustiga, 12 ta shart boʻyicha koʻrsatilgan meʼyorlarni ham bajarish kerak.

    Musobaqalar boshlanishidan bir kun avval barcha ishtirokchilar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shundan soʻng harbiy libos, qoʻllaniladigan uskuna va jihozlarning nizom talablariga qanchalik mosligi nazorat qilindi. Ishtirokchilar va sudyalar musobaqaga shay, deb topildi. Qurʼa tashlash yoʻli bilan jamoalarning qatnashish oʻrni aniqlab olindi.

    Tantanali ochilish marosimida boshqa davlatlar qatorida yurtimiz bayrogʻi koʻtarilib, madhiyamiz yangradi. Jamoalar saf tortdi. Soʻzga chiqqanlar ishtirokchilarga samimiy tilaklar bildirib, omad tiladi. “Doʻstlik uyi”dagi uchrashuv turli davlatlardan kelgan harbiy xizmatchilarga mahalliy aholining madaniyati va sanʼati bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.

    Ertasi kuni kuchli boʻron va toʻxtovsiz yogʻayotgan qor ostida musobaqalar start oldi. Dastlab ishtirokchilar qor koʻchkisida qolgan yaradorni qidirish shartini bajarishdi. Tasavvur qiling, odam boʻyi qor. Bora-bora koʻz oʻrgansa-da, kishini birinchi koʻrishda seskantirdi. Shunday vaziyatda bir inson qor koʻchkisida qolib ketdi. Zudlik bilan topilmasa, oʻlim xavf solib turibdi. Tabiiyki, qidirish paytida zarar ham yetkazib qoʻymaslik lozim. Bunda ishtirokchilardan aniq va tezkor harakat qilish talab qilinadi. Ushbu shartda ularning nafaqat jangovar va jismoniy shayligi, balki zamonaviy priborlardan foydalanish mahorati ham maʼlum boʻladi. Guruh tarkibida jangovar oʻq otish sharti harbiy xizmatchilarning jangovar shaylik darajasini namoyon qildi.

    Musobaqaning 1-kunida harbiy xizmatchilar 24,5 km masofani bosib oʻtishdi. Ularning yuzlaridagi horgʻinlikni zabt etilgan marra zavqi bosib ketardi. Ishtirokchilar ozgina nafas rostlagach, yoʻldagi holatlarni muhokama qilishni boshlashdi.

    Sir emaski, dushman hech qachon raqibiga qulay muhit tanlamaydi. Imkon boricha chalgʻitishga, qiynashga, chorasiz qoldirishga urinadi. Tik qoyaga koʻtarilish va tushish mashgʻulotlari esa harbiy xizmatchilarning qaltis vaziyatlardan chiqishiga koʻmaklashadi. Bu shart bir qadar tavakkalchilikni talab qilsa ham ishtirokchilarni dovyurak qilib tarbiyalaydi. Nostandart vaziyatlarda toblab, jismonan chiniqtiradi. Ushbu mashgʻulot jamoaning jipslikda harakatlanish koʻnikmasini oshirishi bilan ham ahamiyatli.

    Dushmanni zaif bilma, deyishadi. Maydonga tushgan raqib jamoalar ham anoyi emas. Ularga nafaqat mutaxassis sifatida mahoratni koʻrsatish, jangovar va jismoniy tayyorgarlikni namoyish qilish, balki musobaqa nizomiga muvofiq harakatlanish tartibini ham isbotlab turish lozim. Buning uchun esa jamoa rahbari mayor Zokir Yallakayev anchagina ter toʻkishiga toʻgʻri keldi.

    Shiddatli boʻron bilan boshlangan musobaqa quyosh charaqlab turgan holatda yakuniga yetdi. Bir-birlariga raqib sifatida qaragan jamoalar tabassum bilan birgalikda suratlarga tushishdi. Axir ular 50 kmlik mashaqqatli yoʻlning zahmatini birdek chekishdi.

    Natijalarga koʻra Rossiya Federatsiyasi jamoasi 1-, Xitoylik vakillar 2-, Oʻzbekistonlik ishtirokchilar esa 3-oʻrinni zabt etdi. Gʻolib va sovrindorlarga medal hamda Xalqaro armiya oʻyinlarining esdalik sovgʻalari tantanali topshirildi. Harbiy ansambl va orkestr, mahalliy sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi tashkil qilindi.

    Taʼkidlash kerakki, birinchi marotaba qatnashayotgan boʻlishiga qaramasdan sovrinli oʻrinni qoʻlga kiritish yurtimiz harbiy xizmatchilari uchun tajriba egallash barobarida eʼtirofga arzigulik yutuq boʻldi. Aslida “Finish” chizigʻini bosib oʻtgan har bir ishtirokchi gʻolib. U oʻzini yengdi, barcha shartlarni ado etdi, katta maqsadlar uchun kuch toʻpladi. Vatan shaʼni uchun jonini jabborga berib, oʻzlarini ayamasdan olgʻa intilgan yurtdoshlarimizga kelgusi musobaqalarda bundan-da ulkan yutuqlar tilab qolamiz.

    Kapitan Aziz NORQULOV,

    Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy

    kommunikatsiyalar departamenti.

    Rossiya Federatsiyasi, Krasnoyarsk.