Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (“Tovlamachilik”) bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi tergov qilinmoqda.
Mazkur jinoyat ishi doirasida oʻtkazilgan tergov-tezkor harakatlari doirasida bir qator jinoiy holatlar aniqlangan.
Jumladan, Toshkent shahrida “Sayidaziz medgorodok” laqabi bilan tanilgan 1987-yilda tugʻilgan Saidaliyev Saidaziz Saidaglamovich sport bilan shugʻullangan jismonan baquvvat boʻlgan bir nechta shaxslarni oʻz atrofiga jalb qilib bir nechta jinoyatlarni sodir etgan.
Xususan, qarzdorlik va boshqa muammolari boʻlgan shaxslarni muammolarini qonunni chetlab oʻtgan holda hal qilib berish evaziga moddiy jihatdan manfaatdor boʻlish, tahdidlar yoʻli bilan pul mablagʻlarini noqonuniy qoʻlga kiritish, bezorilik va tamagirlik holatlari shular jumlasidandir.
Jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi S.Saidaliyev va boshqa bir nechta shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov davom etmoqda.
"Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxsdan yoki guruh aʼzolaridan jabr koʻrgan boʻlsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-66, 71-206-49-46 yoki 102 raqamiga yoxud yaqin oradagi IIOga murojaat qilishingizni soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi", deyiladi xabarda.