Joriy yil 24-oktyabr kuni boʻlib oʻtadigan muhim siyosiy voqea- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga mamlakatimiz boʻylab qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Aynan shu kuni xalqimiz bilan birga bu yurt kelajagini va taqdirini belgilaymiz.

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, bugun dunyo nigohi Oʻzbekistonga qaratilgan, desak ayni haqiqat. Bu galgi Prezident saylovini ilk bor yangi Saylov kodeksi asosida oʻtkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.

Shu jumladan, saylov yoshidagi, hatto saylov yoshiga yetmagan oʻgʻil-qizlarga ham mamlakatimizda barcha sohalar, xususan, milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan tushunchalar berib borilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha 266 ta okrug saylov komissiyasida 23 nafar, 10 ming 760 ta saylov uchastkasida 24 ming 539 nafar yigit-qiz faoliyat yuritmoqda.

Shuning oʻziyoq yoshlarning saylov jarayonlariga befarq emasligidan dalolat berib turibdi. Joriy yil saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritilgan 21 milliondan ziyod saylovchidan qariyb 7 millionini 30 yoshgacha boʻlgan yigit-qizlar tashkil etadi. Shulardan 880 mingdan koʻprogʻi ilk marotaba oʻzining saylov huquqidan foydalanadi.

Bugungi kunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun akkreditatsiyadan oʻtkazilgan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilar umumiy soni 380 nafarni, mahalliy OAV vakillari 1357, xorijiy OAV esa 146 nafarni tashkil etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish uchun 37 ta chet davlatlarida 54 ta saylov uchastkalari tuzildi. Ushbu saylov uchastkalari 14-Toshkent shahar okrug saylov uchastkalariga qarashli.

Muddatdan oldin ovoz berish – fuqarolar saylov huquqini taʼminlashning muhim vositasi hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga asosan, muddatdan oldin ovoz berish10 kun qolganda boshlanadi va 3 kun qolganda tugatiladi. Saylov kuni oʻz yashash joyida boʻlmaydigan saylovchi muddatdan oldin ovoz berishi mumkin. 14-20-oktyabr kunlari saylovda muddatidan oldin ovoz berish oʻtkaziladi. Saylovchilarga ovoz berish uchun barcha shart-sharoitlar saylov uchastkalarida yaratilgan. Saylov uchastkasida muddatdan oldin ovoz berish vaqti soat 9:00 dan 19:00 ga qadar davom etadi. Saylov uchastkalarida karantin talablariga rioya etilishining taʼminlash uchun 21 mingdan ortiq tibbiy xodimlar biriktirildi.

Bugun yurtimizda muhim siyosiy tadbir – Prezident sayloviga tayorgarlik jarayoni qizgʻin pallaga kirdi. Ayni paytda saylov kompaniyasining muhim bosqichlari boshlanmoqda. Bu birinchi navbatda saylov huquqiga ega boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarining saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan hamda nomzodlarning saylov oldi tashviqoti jarayonlari bilan ahamiyatlidir. Saylov uchastkalari saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida har tomonlama shinam va koʻrkam binolarga joylashtirildi. Shuningdek, saylovchilar roʻyxati yagona elektron roʻyxatdan saylov uchastkalariga bosqichma - bosqich taqsimlanmoqda.

Prezident saylovini oʻtkazishda saylovchilarga yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus bot tashkil etildi. Bunga koʻra saylovchi oʻzi yashab turgan hudud qaysi saylov uchastkasiga tegishli ekanligi hamda saylov uchastkasining manzili joylashgan geolokatsiyasi haqida maʼlumotlarni olishi mumkin.

Prezident saylovi kompaniyasi siyosiy partiyalar, nomzodlar, ishonchli vakillar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalari, eng asosiysi, saylovchilar uchun koʻtarinki kayfiyatda davom etayapti. Bugun xalqimiz kelgusi besh yillik istiqboli va taraqqiyoti uchun saylovda oʻz ovozini berishga hozirlanmoqda.

Xulosa qilib aytganda, saylov-mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim jarayonlardan biri sanaladi. Unda har bir saylovchi, shu jumladan, yoshlarning faol ishtiroki muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, yurtimizning taqdiri va ertasiga befarq boʻlmagan saylovchilarimiz munosib nomzod uchun oʻz ovozlarini beradilar. Ushbu saylovda har birimiz faol ishtirok etaylik.

Orifjon BAZAROV,

 Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi,

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti rektori