Aytish joizki, Adliya vazirligi MSK bilan hamkorlikda aholining, shu jumladan yoshlarning, saylov qonunchiligi boʻyicha bilimlarini va ularning huquqiy ong va madaniyatini oshirishga qaratilgan keng tushuntirish ishlarini olib bormoqda.

Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirildi

Xususan, dastlab saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning malakasini oshirish maqsadida Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan Saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi bilan Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi oʻrtasida mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish boʻyicha oʻzaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi. Saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qoʻllash boʻyicha nazariy bilimlari hamda amaliy koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar uch boskichda oʻtkazildi.

Seminar-treninglarni yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish maqsadida Davlat boshqaruv akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilardan iborat yuqori malakali ekspertlar tomonidan oʻquv rejalari, oʻquv-uslubiy materiallar (taqdimot, infografika, video-darslar va boshqalar) tayyorlandi. Saylov komissiyasi aʼzolarini malakasini oshirishda saylovchilar roʻyxati bilan ishlash, shu jumladan saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan foydalanish, muddatidan oldin va saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va eʼlon qilish tartibi va saylovni oʻtkazishga doir boshqa masalalar boʻyicha bilimlarni oshirish va amaliy koʻnikmalarni mustahkamlashga alohida eʼtibor berildi.

200 dan ortiq huquqiy targʻibot guruhlari shakllantirildi

Vazirlik tomonidan “Saylov – 2021: oʻz kelajaging uchun ovoz ber” shiori ostida Saylov kodeksi va unga kiritilgan soʻnggi oʻzgartirishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini sodda, xalqchil tilda bayon etuvchi huquqiy targʻibot materiallari toʻplami (slayd, infografika, annotatsiya, videodars) tayyorlanib, keng aholi qatlamiga yetkazilib kelinmoqda.

Respublikaning eng chekka tuman va qishloqlarida istiqomat qilayotgan fuqarolarga saylov qonunchiligini tushuntirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari boshchiligida tegishli idoralar bilan hamkorlikda hududiy saylov targʻiboti guruhlari, tuman (shahar) adliya boʻlimlari boshchiligida esa 200 dan ortiq kichik huquqiy targʻibot guruhlari shakllantirildi. Hozirda ushbu targʻibot guruhlari faol ishlagan holda, aholi oʻrtasida saylov targʻiboti tadbirlarini oʻtkazib kelmoqda.

Bundan tashqari, targʻibot guruhlari tomonidan “Siz saylov huquqlaringizni bilasizmi?” mavzusida reja-grafik asosida har haftaning seshanba va juma kunlari davlat organlari, mahallalar, qishloqlar, mehnat jamoalari kesimida seminar, davra suhbati, savol-javob va aholini qiziqtiradigan boshqa shakllarda tashkil etilmoqda.

Saylovga oid murojaatlariga onlayn javob

“Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali aholini qiziqtirgan saylovga oid savollariga javob olinishini taʼminlash maqsadida portalda “Saylov masalalari” boʻlimi yaratildi va saylovga oid qonunchilik boʻyicha sodda, xalqchil tilda tayyorlangan maʼlumotlar joylashtirildi. “Madad” NNT xodimlari tomonidan fuqarolarning saylovga oid murojaatlariga onlayn javob berib kelinmoqda. Vazirlikning telegramdagi “Huquqiy axborot” kanalida #Saylov_2021 rukni orqali fuqarolarning saylov huquqlariga oid maʼlumotlar qisqa, sodda, xalqchil tilda kanalga joylashtirilmoqda, har bir maʼlumot bilan 100 mingdan ortiq obunachilar tanishmoqda.

Shu bilan birga, vazirlik tomonidan, aholining elektoral madaniyatini yanada yuksaltirish boʻyicha bugungi kunga qadar adliya organlari tomonidan 25 165 dan ortiq huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Jumladan, televideniye orqali 210 ta, radioda 451 ta chiqishlar qilindi, 14 854 marotaba seminar va davra suhbatlari oʻtkazildi, veb-sahifa va ijtimoiy tarmoqlarda 9 451 dan ortiq maʼlumotlar joylashtirildi, 178 dan koʻproq tahliliy maʼlumotlar va maqolalar gazeta va jurnallarda chop etildi.

Huquqiy aksiyalar

Aholining saylov jarayonidan xabardorlik darajasini oshirishga qiziqish uygʻotish hamda aholining huquqiy bilim darajasini oshirish maqsadida hududiy adliya organlari tomonidan “Biz tanlash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar roʻyxatida bormisiz?”, “Men shaxsan oʻzim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har birimiz oʻz ovozimizga egamiz”, “Mening ovozim Vatan kelajagiga daxldor” mavzularida turli aksiyalar tashkil etilmoqda. Ushbu aksiyalar doirasida minglab fuqarolarga saylov qonunchiligi mazmun-mohiyati tushuntirib kelinmoqda.

Inklyuziv saylovlar

Oʻzbekiston respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksiga koʻra fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir.

Shu asosda hududiy adliya organlari tomonidan koʻrish va eshitish qobiliyati cheklangan fuqarolarga saylov qonunchiligi tushuntirish boʻyicha targʻibot tarbirlarini oʻtkazish tizimli yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, hududiy adliya organlari tomonidan saylov qonunchiligini oʻzi ichiga olgan Brayl yozuvi asosida targʻibot materiallari tayyorlanib, aholiga seminar-treninglar davomida tarqatilmoqda, surdo tarjimonlar yordamida tushuntirilmoqda.

Shuningdek, respublika boʻylab nogironlar uylari va muassasalarida “Men jamiyatning toʻlaqonli aʼzosiman” mavzusida davra suhbatlari, uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Saylovlarda xotin-qizlarning faolligini oshirish

Saylovlarda xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirish ham muhim masaladir. Shu maqsadda vazirlik tomonidan saylov jarayonlarida ayollarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Xotin-qizlarning saylovlardagi ishtiroki” mavzusida turli tadbirlar tashkil etilib, bu jarayonlarda ularning ham ishtiroki muhim ekanligi aytilmoqda.

Qoʻllanma va risolalar

Aholiga bosma nashrlar orqali saylov qonunchiligini yetkazish maqsadida ham tizimli ishlarga amalga oshirildi. Xususan, vazirlik huzuridagi “Adolat” MHAM tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (jami 21 000 nusxada), Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi (jami 2 1000 nusxada), Oʻzbekiston Respublikasining saylovga oid qonun hujjatlari toʻplami (jami 15 000 nusxada), “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi: 100 savolga 100 javob” risolasi (25 000 nusxada), “Saylov qonunchiligi boʻyicha oʻquv-amaliy qoʻllanma” (37 250 nusxada), “Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari kuzatuvchilari uchun eslatma” (11 900 nusxada), “Siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari uchun eslatma” (55 350 nusxada), “Ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya xodimlari uchun eslatma” (22 300 nusxada) nashr qilindi.

Shuningdek, “Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun eslatma” (3 000 nusxada), “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi uchastka saylov komissiyalari faoliyatini tashkil etish boʻyicha amaliy qoʻllanma” (50 000 nusxada) nashr qilish jarayonida.

Saylov qonunchiligi boʻyicha targʻibot tadbirlari davom etmoqda.

Adliya vazirligi

jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi