Saylov jarayoni tashkilotchilarining bilim va salohiyati 

    Mazkur muhim siyosiy tadbirning xalqaro standartlar va demokratik printsiplar asosida o'tishida ustuvor mezon bo'ladi

    Konstitutsiyamizga kiritilgan so'nggi o'zgartirishlarga asosan, joriy yil oktyabr` oyining uchinchi o'n kunligi birinchi yakshanbasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tadi. Bu muhim siyosiy kampaniyada saylovchilar, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki bo'lajak saylovni Konstitutsiya va qonunlarimiz talablari, umume'tirof etilgan xalqaro standartlar, demokratik printsiplar asosida, ochiq-oshkora o'tkazilishida muhim omil bo'ladi.

    Islohotlarning yangi bosqichi

    So'nggi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilgani, fuqarolarning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortgani, xususan, ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda so'z erkinligiga berilayotgan jiddiy e'tibor, shuningdek, saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari tomonidan taqdim etilgan taklif va tavsiyalar saylovni qonuniylik, adolatlilik, xolislik va oshkoralik printsiplari asosida o'tkazishda yangi talablarni qo'ymoqda. Bu, o'z navbatida, saylov jarayonlarini qonunchilikka mos tarzda uyushqoqlik bilan tashkil etish uchun, eng avvalo, uchastka saylov komissiyasi a'zolari hamda saylov jarayonining boshqa tashkilotchilari huquqiy bilim va amaliy ko'nikmasini yanada yuksaltirish bo'yicha bir qator zarur tadbirlarni amalga oshirishni taqozo etmoqda.

    Nega aynan shu masalaga birinchi darajali e'tibor qaratish lozim? Chunki milliy saylov amaliyotimizdan ham, xorijiy davlatlar saylov amaliyotidan ham yaxshi ma'lumki, saylov jarayonidagi asosiy bo'g'in saylov uchastkalaridir. Zero, har qanday saylovda fuqarolar saylov kuni bevosita saylov uchastkasiga borib, o'zlari munosib deb bilgan nomzod uchun ovoz beradi. Saylov uchastkasida saylovchilar o'z xohish-irodasini erkin ifoda etishi, mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatuvni emin-erkin amalga oshirishi, ommaviy axborot vositalari jarayonni ochiq-oshkora yoritishi uchun qanchalik qulay sharoit va imkoniyat yaratilgan, mazkur saylov qonuniylik, xolislik va oshkoralik kabi muhim printsiplarga to'la amal qilgan holda tashkil etilgan bo'lsa, xalqimiz mazkur siyosiy tadbir natijasidan shunchalik rozi bo'ladi. Bu, o'z navbatida, xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham ijobiy baholanishi va e'tirof etilishi tabiiy.

    Shuning uchun Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 27 apreldagi majlisida Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish kontseptsiyasi tasdiqlandi. Majlis so'nggida mazkur kontseptsiya ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli ta'minlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o'rtasida o'zaro hamkorlik to'g'risida kelishuv imzolandi.

    Ushbu kelishuv bo'lajak saylov va saylovoldi jarayonlarini qonunda belgilangan tartibda, yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni tashkilotchilari, ishtirokchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilimi va amaliy ko'nikmasini yanada oshirish, mamlakatimiz fuqarolarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash, shuningdek, ularning mamlakatdagi keng ko'lamli insonparvar islohotlarga daxldorlik tuyg'usini yuksaltirish maqsadida ko'p tomonlama manfaatli o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida imzolandi.

    Malaka va amaliy ko'nikma oshiriladi

    Kontseptsiya asosida joriy yilning 28 aprel kuni Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirishda mas'ul bo'lgan respublika trenerlari hamda mas'ul shaxslar uchun seminar-treninglar boshlandi. Uning maqsadi saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar malakasini oshirishga jalb etiladigan respublika va hududiy trenerlar, shuningdek, ularga uslubiy ko'maklashish va hududlarda malaka oshirish sifatini monitoring qilish bo'yicha shakllantirilgan guruhlar a'zolarining milliy saylov qonunchiligi, xalqaro saylov standartlari bo'yicha nazariy bilimini, saylov jarayonini yuqori saviyada tashkil etish bo'yicha amaliy ko'nikmasini oshirishga qaratilgan.

    Mazkur seminar-treninglar Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o'qituvchilaridan iborat yuqori malakali ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan o'quv dasturi va o'quv-metodik materiallar asosida aynan shu ekspertlar tomonidan olib borilmoqda.

    Ta'kidlash joizki, ekspertlar tomonidan o'quv-metodik materiallarni ishlab chiqishda EXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosining O'zbekistonda saylovlarni kuzatish bo'yicha missiyasi yakuniy hisobotida o'z ifodasini topgan maqbul tavsiyalarga alohida e'tibor qaratildi.

    Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat'iy amal qilish, saylovchi shaxsan o'zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro'yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro'yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibini atroflicha yoritish kabi muhim masalalar shular jumlasidandir.

    Yangicha yondashuv

    Davlat boshqaruvi akademiyasida boshlangan ushbu seminar-treninglar saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar va boshqa tashkilotchilarning saylov qonunchiligi bo'yicha malakasini oshirish tizimining dastlabki bosqichidir. Bu kabi keng qamrovli seminar-treninglar butun mamlakat bo'ylab bir necha bosqichda o'tkaziladi.

    Xususan, keyingi bosqichda Davlat boshqaruvi akademiyasida tahsil olgan 56 nafar respublika treneri har bir hududga 4 nafardan taqsimlanadi. Taqsimot asosida ular tomonidan 13-29 may kunlari hududiy trenerlar, o'quvlarni tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirishga jalb qilingan 1200 nafarga yaqin hududiy mas'ul uchun ikki kunlik seminar-trening o'tkaziladi. Okrug saylov komissiyalari a'zoligiga 156 nafar nomzod esa yuqori malakali professor-o'qituvchilardan iborat ekspertlar guruhi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida o'qitiladi.

    Navbatdagi bosqichda tayyorlangan hududiy trenerlar tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun`-sentyabr` oylarida Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan reja-grafik asosida uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o'rinbosari va kotibligiga 32 ming nafardan ortiq nomzod uchun seminar-treninglar o'tkazadi. Mazkur o'quvlar tuman (shahar) markazlarida tanlab olingan saylov uchastkalari uchun ajratilgan binolarda 15-21 nafarlik kichik guruhlarda interaktiv usullarda ikki kunlik shaklda tashkil etiladi.

    Bunda ishtirokchilar olgan bilimini amaliy jihatdan mustahkamlash imkoniyatiga ega bo'ladi. Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu 32 mingdan ortiq kontingentni saylov kuniga qadar kamida uch marta takror o'qitish rejalashtirilgan va har birining yakuni bo'yicha onlayn test topshiriladi. Natijalari tahlil qilinib, navbatdagi mashg'ulotlarga qadar mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko'rib boriladi.

    So'nggi bosqichda, ya'ni uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlanganidan so'ng uch bosqichda o'qitilgan uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o'rinbosari va kotibligiga nomzodlar seminar-treninglarda o'zlashtirgan bilim va ko'nikmasini komissiyalarning 134 ming nafardan ortiq boshqa a'zosiga, bevosita o'z saylov uchastkalarida real ish jarayonida etkazadi. Ushbu jarayon hududiy trenerlarning metodik rahbarligi ostida amalga oshiriladi.

    Diqqatga sazovor yana bir jihati shundaki, o'quv dasturining har bir mavzusi bo'yicha yuqori malakali ekspertlar tomonidan 15-20 daqiqalik videodarslar tayyorlanib, o'quv jarayonida foydalanish uchun trenerlarga taqdim etiladi. Saylov jarayonining asosiy bosqichlari videoroliklar ko'rinishida ifoda etiladi va o'quv jarayoni tinglovchilariga etkaziladi. Tinglovchilar mazkur videorolikni ko'rish orqali saylovchilar ro'yxati bilan ishlash, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni tashkil etish va o'tkazish, “Bir saylovchi - bir ovoz” tamoyiliga amal qilish, kuzatuvchilar bilan ishlash, saylov natijalarini hisoblab chiqarish kabi nazariy bilimini amaliy mashg'ulotlarda mustahkamlab oladi. Maqsad esa komissiya a'zoligiga nomzodlarning saylov qonunchiligiga oid nazariy bilimini mustahkamlash barobarida ularni saylovni qonunga muvofiq to'g'ri tashkil etish va o'tkazishga o'rgatish, ya'ni amaliy ko'nikmasini chuqurlashtirishdir.

    Maxsus ta'lim platformasi – keng omma uchun qulay tizim

    Shu bilan birga, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz negizida maxsus ta'lim platformasi ishlab chiqiladi. Ushbu platformaga seminar-treninglar uchun tayyorlangan barcha o'quv-uslubiy materiallar (taqdimot, matnlar, test, infografika, videodars va boshqalar) joylashtiriladi hamda seminar-trening ishtirokchilari uchun ixtiyoriy ravishda onlayn bilim olish va test topshirish imkoniyati yaratiladi.

    Yuqori malakali ekspertlar tomonidan tayyorlangan barcha o'quv materiallari, videodarslar va videoroliklar keyinchalik Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida joylashtirilishi, shuningdek, imkoniyat va ehtiyojga qarab boshqa ommaviy axborot vositalari, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng jamoatchilik foydalanishi uchun etkazilishi mo'ljallanmoqda.

    Yana bir yangilik – aholining keng qatlami va mutaxassislar foydalanishi mumkin bo'lgan “Saylov– 2021” mobil ilovasini yaratish ustida ish olib borilmoqda. Ilovada ham ma'ruza matnlari, taqdimotlar, infografikalar, tegishli qonunchilik hujjatlari, bilimni mustahkamlashga oid topshiriqlar, videoroliklar kabi o'quv materiallari joylashtiriladi. Ushbu ma'lumotlar onlayn rejimda yangilab boriladi. Ilovaning ishga tushirilishi saylov jarayoni ishtirokchilari bo'lgan barcha aholi qatlamlarining saylovga oid bilimini mustahkamlashga ko'maklashadi.

    Xulosa qilib aytganda, mazkur chora-tadbirlarning to'liq ijrosi saylov jarayoni ishtirokchilarida mamlakatimizda Prezident saylovini saylov qonunchiligi va jahon standartlari asosida tashkil etish borasida zurur bilim va ko'nikmalarni o'zlashtirish imkonini yaratadi. Pirovardida mamlakatimizda joriy yilda bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining yuqori saviyada tashkil etilishiga xizmat qiladi.

    Xudoyor MAMATOV,

    Markaziy saylov komissiyasi

    kotibiyati rahbari,

    yuridik fanlar doktori, professor.