Anjumanda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazi kafedra mudiri, yuridiklar fanlar doktori, professor Boboqul Toshev va Adliya boshqarmasi boʻlim boshligʻi Bekzod Sarimsoqovlar saylov jarayonini yoritishda OAVning oʻrniga alohida toʻxtalib, mamlakatimizda birinchi marotaba Saylov kodeksi asosida Prezidentlik saylovining oʻtkazilayotgani va saylov qonunchiligiga kiritilgan bir qator oʻzgartish va qoʻshimchalar haqida batafsil maʼlumot berdilar.
Shuningdek, anjumanda bugun xalqaro hamjamiyat tomonidan yurtimizdagi saylovoldi tashviqotlar katta qiziqish bilan kuzatilayotgani, avvalgi saylovlarda 800 taga yaqin xalqaro kuzatuvchilar boʻlgan boʻlsa, bu yilgi saylovlarda 4000 mingdan ziyod xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilayotgani, shuni inobatga olgan holda asosiy eʼtibor saylovga oid xalqaro huquq standartlarini qoʻllash va xalqaro kuzatuvchilar bilan ishlashda OAVning oʻrni masalalari xususida soʻz bordi.
Darhaqiqat, ommaviy axborot vositalarida saylovning har bir jarayonini tezkor, xolis yoritib borish nihoyatda muhim. Yoritish jarayonida esa qonunda belgilangan tartiblarga qatʼiy amal qilish kerak boʻladi.
Samimiy ruhda, oʻrinli savol-javob va mulohazalarga boy oʻtgan tadbirda qatnashchilarga bu borada qimmatli maʼlumotlar berildi.
Sanjarbek Hamidov.