Ammo shu damda koʻpchilikni bir savol oʻylantirmoqda: xoʻsh, yurtimizda xukm surayotgan pandemiya sharoitida boʻlib oʻtadigan saylov jarayonlari davomida koronavirus kasalligini tarqalib ketishiga, avj olishiga qarshi qanday chora-tadbirlar belgilangan?
Sal avval Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazida boshlangan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi, bosh davlat sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev shu haqda maʼlum qildi.
Uning qayd etishicha, "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19)ni tarqalishi xavfini oldini olish toʻgʻrisida” yoʻriqnoma ishlab chiqilgan va Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Olti bob, 39 banddan iborat ushbu yoʻriqnomada saylovchilar tomonidan koronavirus infeksiyasi yuqishining oldini olishga qaratilgan va aholi turmush tarzining ajralmas qismiga aylanib ulgurgan asosiy qoidalarga rioya etilishi belgilab qoʻyilgan.
Xususan, saylov uchun ajratilgan binoga tashrif buyurganlar va kuzatuvchilar, shuningdek barcha ishtirokchilar niqob taqish qoidasiga qatʼiy amal qilishi uchun yetarli miqdorda tibbiy niqoblar zaxirasi yaratildi.
Binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofa belgilandi hamda harakatlanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi chiziqlar chizildi.
Himoya va profilaktika tadbirlarini amalga oshirishda haroratni oʻlchash uchun termometr, pirometrlar, bir martalik tibbiy qoʻlqop, yuz niqoblari (saylov komissiyasi aʼzolari uchun), antiseptik suyuqlik (sanitayzer) moslamalari saylov uchastkalariga yetkazib berildi.
Binobarin, okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga kamida bir nafardan tibbiyot xodimi biriktirildi va ular tomonidan saylov komissiyalari binolarining kirish qismida tashrif buyuruvchilarning tana haroratini oʻlchash, antiseptik vosita bilan qoʻllarini dezinfeksiya qilish va zaruratga koʻra himoya niqobi berish ishlari tashkillashtirildi.
Shu bilan birga, saylov uchun ajratilgan binolarda shamollatish va saylov kunidan oldingi dezinfeksiya tadbirlari oʻtkazildi.