Saylov qonunchiligi takomillashmoqda

    Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan endilikda chet eldagi Oʻzbekiston fuqarolari bevosita turgan hududi boʻyicha ham ovoz berishi mumkin.

    Saylov kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra (56-1-modda. Chet davlatlarda saylovchining turgan joyida ovoz berishi), chet davlatlarda saylovchilar zich joylashgan hududlarda muddatidan oldin ovoz berish davrida saylovchining turgan joyida oʻtkazilishi mumkin.

    Bunda, diplomatik vakolatxona huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasi saylovchilarning turgan joyida ovoz berish vaqti va joyi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va bu haqda saylovchilarni, kuzatuvchilarni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor etadi.

    Odatda, saylovlarda elchixonaga yaqin hududda istiqomat qilayotgan fuqarolargina ovoz berishga borishardi. Masalan, birgina Nagoyadagi oʻzbeklar Tokioga (elchixonaga) borib kelishlari uchun kamida 200$ lik yoʻl xarajatini qoplashga toʻgʻri kelardi. Aynan shuning uchun ham Tokiodan uzoqdagi fuqarolarning aksariyati saylovda qatnasha olishmagan.

    Shu nuqtai nazardan, kiritilayotgan oʻzgartish elchixonadan uzoqroq hududlarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun yengillik boʻladi.