Saylovoldi tashviqot paytida sunʼiy intellektdan foydalanish mumkinmi?

    Saylov 21 Sentabr 2024 853

    Siyosiy partiyalar rahbarlari oʻrtasida Odob-axloq qoidalari imzolandi.

    2024-yil 21-sentyabr kuni siyosiy partiyalar tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan saylovoldi tashviqotiga oid odob-axloq qoidalarini partiyalarning rahbarlari tomonidan imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

    Rivojlangan davlatlarda odatda bunday bitimlar siyosiy partiyalar yoki nomzodlar oʻrtasida saylov jarayonida insofsiz raqobatni oldini olish, adolatli kurashni taʼminlash, saylovoldi tashviqoti davomida nomzodlarning bir-biriga nisbatan hurmat saqlash va huquqiy cheklovlardan tashqari axloqiy meʼyorlarga rioya qilish maqsadida tuziladi.

    Jumladan, joriy yilda Yevroparlament saylovlarida hamda boshqa bir qator rivojlangan davlatlarda boʻlib oʻtgan saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan shu kabi bitimlar imzolangan.

    Ushbu odob-axloq qoidalari saylovoldi tashviqoti davrida yolgʻon axborot tarqatishning oldini olish, saylovlarning asosiy prinsiplariga rioya etilishini taʼminlash hamda saylovchilarga oʻz tanlovini erkin amalga oshirish imkonini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.

    Shuni alohida taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda sunʼiy intellekt imkoniyatlari ortib borayotganligi insoniyat uchun foydali boʻlishi bilan bir qatorda, salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan yolgʻon yoki uydirmadan iborat axborot materiallarining tarqatilishiga ham xizmat qilayotganligi kuzatilmoqda.

    Odob-axloq qoidalarining muhim qoidalaridan biri ham aynan ommaviy axborot vositalari va internet orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda sunʼiy intellektdan foydalanish tartibiga qatʼiy amal qilish hisoblanadi.

    Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 2-iyuldagi qarori bilan saylovoldi tashviqotini olib borish boʻyicha nizomga muvofiq, deputatlikka nomzodlarning va siyosiy partiyalarning ilk marotaba saylovoldi tashviqoti davrida sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda saylovoldi tashviqoti materiallarini tayyorlash va tarqatishga oid qoidalar bilan toʻldirildi.

    Odob-axloq qoidalari bilan siyosiy partiyalar vakillari saylovoldi tashviqoti jarayonlarida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga qatʼiy rioya qilish, siyosiy partiya vakillarining shaxsiy hayot daxlsizligi, shaʼni, qadr-qimmati va ishchanlik obroʻsini hurmat qilish, shuningdek ijtimoiy axloqqa zid har qanday axborotni tarqatmaslik, saylovchilarga nisbatan tovlamachilik, qoʻrqitish yoki majburlash, oʻzgacha nooʻrin taʼsir choralarini qoʻllamaslik va haq evaziga oʻziga ogʻdirib olmaslik kabi majburiyatlarni oʻz zimmasiga oladilar.

    Siyosiy partiyalar rahbarlari oʻrtasida Odob-axloq qoidalarining imzolanganligi mamlakatimizda saylov madaniyatining rivojlanayotganidan dalolat beradi hamda saylovlarni milliy qonunchiligimizga binoan ochiq, oshkora va shaffof oʻtkazishga xizmat qiladi.