"Infotur G‘azalkentdan Chimyon tomonga ketaverishdagi dam olish joylari – piknik zonalaridan boshlandi", deya xabar berdi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Manzara go‘zal, ammo…
Bu yerlar daraxtlar ko‘pligi bilan kishini quvontirsa, har yerda yotgan plastik idishlar va boshqa chiqindilar ko‘ngilni biroz xira qiladi. Mazkur holatni Boʻstonliq tumani turistik politsiyasi rahbari oʻrinbosari Dilshod Aripov shunday izohladi:
“Ming afsuski, odamlarning nojoiz munosabati tufayli ifloslangan joylar bor. Masalan, Chimyon tomonga ketishdagi asosiy yo‘lda odamga huzur bag‘ishlaydigan soyali daraxtzorda sayyohlar ulardan oldin kelib ketgan sayyohlarning chiqindilari ichida dam olishga majburlar”.
“Nega bu chiqindilar yig‘ishtirilmaydi”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. “Chorvoq” TRZ direksiyasi G‘olvasoy tepaligidagi mashhur piknik zonani chiqindilardan tozalagani, ammo ikki haftadan so‘ng chiqindilar soni yana ikki barobarga ko‘paygani ma’lum bo‘ldi. Bu boradagi raqamlar ham katta: Bo‘stonliq tumanining “Toza hudud” jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, 1-iyunga qadar 88 tonna chiqindi olib chiqilgan.
Chiqindilarni tashlash odatiy holat
Ta’kidlash joizki, tumanda chiqindilarga to‘la piknik-zonalardan tashqari, qurilishdan qolgan chiqindi yerlar ham bor. Bugungi kunda Bo‘stonliq tumanida qurilish poligoni mavjud emas. Eng yaqin poligon Tuzel – Qibray tumanida joylashgan, shuning uchun qurilish chiqindilari daryolar va jarliklarga tashlab ketilmoqda. Masalan, Novobod qishlog‘ida tog‘ jarligida katta chiqindi maydoni paydo bo‘lgan, insonlar jarlikka chiqindilarini uzluksiz tashlab kelishgan va bugungi kunda ularni tozalash muammo. Yoki Xumson qishlog‘ida ham dam olish uylari yo‘lida katta chiqindi yer paydo bo‘lgan. Ko‘p vaqt mobaynida insonlar bu yerga chiqindi tashlab kelishgan va bunga ko‘nikib ham qolishgan. Buning sabablari – hamma ham chiqindilarni tashlash xizmati haqida shartnoma tuzmagan, ayrimlar shartnomasi bo‘lsa-da, chiqindini olib chiqmay, jarlikka tashlashni ma’qul ko’radi.
Ayni damda direksiya tomonidan xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilishga oid muloqotlar olib borilmoqda. Maqsad – chiqindilarni olib tashlab, ularning o‘rniga bog‘ yaratish.
“Barqaror Bo‘stonliq” dasturi
“Qoidabuzarlarni aniqlash uchun chiqindi tashlanadigan joylarga kuzatuv kameralari o‘rnatiladi”, – deyiladi Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasidan. – “Chorvoq” TRZ, Bo‘stonliq tuman ekologiya inspeksiyasi, Uzavtoyo‘l, Boʻstonliq tumani hokimiyati, Bo‘stonliq tuman Ekoprokuraturalari hamda Bo‘stonliq tumani “Toza Hudud” tomonidan hududlarni chiqindilardan tozalash bo‘yicha ishlar faol olib borilmoqda. Masalan, 30-aprel kuni Soylik hududida joylashgan hudud bir necha yil davomida yig‘ilib qolgan chiqindilardan tozalandi. Ammo bir oy ichida qayta tiklangan poligonda yana qurilish chiqindilari paydo bo'ldi. Chiqindilar atrof-muhitga zarar keltirishda davom etmoqda”.
“Chorvoq” TRZ direksiyasi direktori oʻrinbosari Suna Park “Barqaror Bo‘stonliq” dasturiga to‘xtaldi.
“Chorvoq” TRZ direksiyasi Bo‘stonliq tumani hokimiyati bilan birgalikda “Barqaror Boʻstonliq” dasturini amalga oshirmoqda. Mazkur dastur doirasida Boʻstonliq tumanidagi oʻquvchilariga oʻquv darslari oʻtildi. Loyiha yakunida 36-sonli maktab oʻquvchilari bolalar rasmlari asosida kreativ va navigatsion jadvallar yaratishadi. Demak, o‘quvchilar tomonidan yaratilgan ijtimoiy tashqi reklamani shu turistik mavsumda koʻrish mumkin boʻladi”, - deya taʼkidladi Park.
Bundan tashqari, hukumat yoki biznes vakillari ishtirokida piknik zonalarni obodonlashtirish, chiqindi tashlash uchun qutilar oʻrnatish, daraxtlar ekish, hasharlar oʻtkazish va chiqindilarni utilizatsiya qilish nuqtalarini oʻrnatish rejalashtirilgan. Lekin tumanni obodonlashtirish bilan bir qatorda, tabiatga masʼuliyat bilan munosabatda bo‘lish madaniyatini ham shakllantirish zarur.
“Qadamchibuva” ziyoratgohi haqida
Bo‘stonliq tumani tarixiy obida va go‘zal tabiatga boy maskan hisoblanadi. “Qadamchibuva” ibodat ziyorat maskani bo’lib, “Burchmulla” go‘zal tog‘ darasida joylashgan. Mahalliy aholi ushbu muqaddas joyni payg‘ambar Idris alayhissalom nomi bilan ataydi.
Bu yerda afsonaviy ko‘p asrlik juda ulkan chinor joylashgan. Ziyoratchilar daraxt atrofida 7 marotaba aylanishadi. Aytishlaricha, bu biz hammamiz Yer farzandi ekanligimizni anglatar ekan.
“Qadamchibuva” atrofida ajoyib meva bog‘i joylashgan. Bu yerda o‘rik, olxo‘ri daraxtlari va hattoki lavanda o‘simligini uchratish mumkin.
Ma’lumot uchun, Bo‘stonliq tumaniga kuniga 48 ming nafar sayyoh tashrif buyuradi. Bu yerda qadimiy shahar qoldiqlari, qo‘rg‘onlar, noyob keramikalar, 120 dan ziyod arxeologik va madaniy me’ros namunalari mavjud.
Infotur yakuni arafasida kichik biznes va tadbirkorlarga yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. “Barqaror Bo‘stonliq” dastur doirasida jamoat, OAV va biznes vakillari Bo‘stonliq tumanini rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shishlari mumkinligi ta’kidlandi.
“Chorvoq” TRZ vakillari Bo‘stonliq tumani va boshqa tadbirkorlarni bir qator loyihalarni amalga oshirishda, ekologik turizmni keng tatbiq etish va rekreatsion imkoniyatlarni rivojlantirishda tadbirkorlarni hamkorlikka taklif etishdi. Ana shunday loyihalardan biri “Chorvoq” TRZ maskanida barcha kerakli sharoitlarga ega bo‘lgan piknik dam olish zonalarini yaratishdir, ya’ni tadbirkorlar o‘zlarining savdo obyektlarini ochishi, chiqindi tozalanadigan tizimni yaratgan holda qo‘riqlanuvchi pik-nik zonalarni yaratishi hamda Bo‘stonliq tumani rivojiga o‘z hissalarini qo‘shishi mumkin. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, TRZ a’zolari bu borada bir qator imtiyozlarga ega bo‘lishadi”, - dedi Suna Park.