Sayyohlar talpinayotgan voha

    Turizm 10 Mart 2022 3129

    Buyuk ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Surxon vohasi Zarautsoy, Kampirtepa, Jarqoʻton, Sopollitepa, Dalvarzintepa kabi qadimiy obidalar, Boysuntogʻ tizmasidagi ajib tilsimli Gʻur-gʻurtepa gʻori, Sangardakning moʻjizaviy sharsharasi, Xoʻjamayxona, Omonxona shifobaxsh buloqlari va boshqa koʻplab moddiy hamda nomoddiy boyliklari bilan hamisha sayyohlar eʼtibori markazida boʻlgan.

    Al-Hakim at-Termiziy hamda Imom Abu Iso Termiziy hazratlari mangu makon topgan yodgorlik majmualari, oʻnlab tarixiy-meʼmoriy obidalardan sayyohlar oqimi uzilmaydi. Ibtidosi juda qadim zamonlarga borib taqaluvchi asori-atiqalar bugungi kunda ham goʻyoki moziy koʻzgusidagi shuʼlador olmoslar misoli jilolanib turibdi. Shuning uchun ham Surxon vohasi haqida soʻz ketganda muarrixlar, arxeolog va folklorshunos olimlar yakdillik bilan uni dunyoning eng qadim davlatlari sanalgan Misr, Hindiston, Xitoy, Mesopotamiya, Yunon va Rim tarixi bilan ham bellasha oladi, deya eʼtirof etishadi.

    Surxon zaminiga bunday zalvorli taʼrif berilishi bejiz emas, albatta. Ajdodlarimiz yaratgan bebaho qadriyatlar, turfa urf-odat va anʼanalar, nodir meʼmoriy va tarixiy ahamiyatga molik obidalar nafaqat zamondosh yurtdoshlarimizni, balki xorijlik sayyohu moziyshunos olimlarni ham oʻziga tortadi. Havas va hayratini oshiradi. Zero, insoniyat taraqqiyotining eng qadim beshiklaridan biri boʻlgan, oʻz davrida ilk davlatchilik, shaharsozlik, hunarmandchilik va dastlabki sugʻorma dehqonchilik hamda ulkan bunyodkorlik ishlarining boshlanishida poydevor vazifasini oʻtagan Surxon vohasiga qiziqmaslikning, uning asrlar osha sayqal topgan manzaralaridan zavqlanmaslikning aslo iloji yoʻq. Ming yilliklardan soʻylovchi sirli-sinoatli manzillarni oʻz koʻzi bilan koʻrish, ziyorat qilish ishtiyoqida boʻlganlar soni tobora ortib bormoqda. Bunday insonlarga sayohat va ziyorat paytida yuksak saviyada xizmat koʻrsatish ishlari bilan Turizm va madaniy meros vazirligining Surxondaryo viloyati boshqarmasi xodimlari chin dildan munosib mezbonlik qilmoqda.

    Koʻrsatkichlar dinamikasida ijobiy oʻsish

    Har qanday xorijlik sayyoh oʻzga yurtga yoʻl olarkan, uning anʼana-lari, oʻziga xos qadriyatlari, obidalari, mehmon kutish madaniyati, tabiat manzaralari, ob-havosi bilan yaqindan tanishib, noz-neʼmatlaridan bahramand boʻlishni istaydi. Turistlarning bunday istagini toʻkis bajo keltirish uchun Surxondaryo viloyati turizm sohasi xodimlari “Sifatli xizmat koʻrsatish — bosh mezon” tamoyilini dasturulamal qilib olgan. Sayyohlik xizmati xodimlari anʼanaviy hamda zamonaviy xizmat turlarini samarali tashkil etishga astoydil harakat qilishi natijasida vohaga kelayotgan sayyohlar soni tobora ortib boryapti. 2021-yilda Surxon vohasiga 106 ta xorijiy davlatdan 91 ming 894 nafar sayyoh tashrif buyurgan va bu 2020-yilga qaraganda uch baravar koʻp demak.

    Viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi nafaqat xorijiy, balki ichki turizmni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Jumladan, oʻtgan yil davomida 762 ming 106 nafar yurtdoshimizga xizmat koʻrsatildi. Qiyosan olganda, 2020-yilga nisbatan mahalliy sayyohlar soni 3,5 barobar ortdi. Ushbu raqamlarni bejiz keltirmadik. Bu koʻrsatkich mazkur soha yaxshi rivojlangan boshqa viloyatlarga nisbatan ancha kam. Ammo koʻrsatkichlar oʻsish dinamikasi ijobiy tus olgani quvonarli.

    Aytish kerakki, bugungi kunda viloyatda 49 ta mehmonxona, 141 ta oilaviy mehmon uyi, 9 ta xostel, 40 ta turistik toifaga kiruvchi transport vositasi ishlab turibdi. Xorijiy va mahalliy sayyohlarga 40 nafar turoperator hamda 5 nafar gid-tarjimon xizmat koʻrsatmoqda. Shunisi eʼtiborliki, hozirgi kunda viloyatdagi mehmonxonalarning 7 tasi, shuningdek, oilaviy mehmonxonalarning 41 tasi, xostellarning 5 tasi 2021-yilda qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu ishlarning barchasi, albatta, vohaga kelayotgan mahalliy hamda xorijlik mehmonlarga qulaylik yaratmoqda.

    Ixlosmandlar uchun yaxshi tavsiya

    Viloyatda ekoturizmni rivojlantirish borasida ham xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, zamonaviy qulayliklarga ega mehmonxonalar, mehmon uylari va xostellarning koʻpchiligi viloyatning togʻli hududlarida joylashgan. Ayniqsa, Boysun, Denov, Sariosiyo hamda Sherobod tumanlarida ekoturizm yaxshi rivojlanmoqda. Sariosiyo tumanidagi “Toʻpalang” suv ombori hududida ekoturizm markazi tashkil etilgan. Bu yerda yetishtirilayotgan noyob farel baligʻi tashrif buyuruvchilarga manzur boʻlmoqda.

    Shuningdek, Boysun tumanidagi “Xoʻja Qoʻchqor ota” ziyoratgohi va uning yaqinida joylashgan anomal hududlarda maxsus zona tashkil etilgan. Bundan tashqari, Termiz tumanidagi Uchqizil koʻli atrofida “oXUS” dam olish mas kani faoliyati kengaytirilib, qoʻshimcha xizmat turlari joriy etildi. Termiz tumanidagi “Termiz agrofish eksport” agrofirmasining 5 ta koʻlida sayyohlar baliq ovlashlari mumkin. Koʻllar atrofiga esa oʻtovlar qurilib, milliy uslubda jihozlandi. Xuddi shunday qulayliklar Denov tumanidagi Sina qishlogʻida joylashgan “Sumbula mozor” ziyoratgohi atrofida ham yaratilgan. Bu yerda ham ekoturizm ixlosmandlari uchun alohida turistik marshrut tashkil etildi.

    Muvaffaqiyat sari tashlangan qadam

    Tabiiyki, xorijlik va mahalliy sayyohlarning birinchi qadami markaziy shaharlardan boshlanadi. Ana shu muhim jihatni inobatga olgan holda, 2021-yilning iyun oyida voha markazi — Termiz shahrida maydoni 4 ming 500 kvadrat metr boʻlgan, sunʼiy qoplamali muz maydoniga ega “IKEBErG” koʻngilochar majmuasi bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy qiyofada qad rostlagan mazkur markazda sunʼiy qoplamali muz maydoni, supermarket, bank xizmati, 40 dan ziyod savdo doʻkonlari, bolalar oʻyingohi, restoran, fast-fud ovqatlanish shoxobchasi, Wi-Fi, karaoke klubi, namozxona ishga tushirildi. Natijada bu yerda 300 ga yaqin yangi ish oʻrini yaratildi.

    Shuningdek, Termiz shahrida 6 ta, Denov tumanida 2 ta, Qumqoʻrgʻon tumanida 1 ta, Shoʻrchi tumanida 1 ta, jami — 10 ta “Coffe shop”lar ishga tushirildi. Bundan tashqari, sayyohlik obyektlarining 189 tasida sanitariya-gigiyena shoxobchalari yangidan qurildi, mavjudlari esa mukammal taʼmirlandi. 150 ta Wi-Fi nuqtasi hamda 65 ta turistik yoʻl koʻrsatkichlari oʻrnatildi. Surxondaryo viloyat turizmni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan joylardagi infratuzilmani yaxshilashga, ayniqsa, magistral yoʻl va turistlar boradigan obyektlar atrofini obodonlashtirish, qoʻshimcha qulayliklar yaratish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar ham eʼtiborga molik.

    Bu boradagi ishlar koʻlamini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 2-apreldagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan madaniy meros yodgorliklari, turizm va turizmga yondosh infratuzilmalarni rivojlantirish, tiklash va qayta taʼmirlash Dasturida belgilangan vazifalar hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotganida koʻrish mumkin. Jumladan, mazkur dastur doirasida Denovdagi “Said otaliq” madrasasini restavratsiya qilish, Sherobod tumanidagi Imom Abu Iso Muhammad at-Termiziy majmuasi atrofidagi zovurni qazish va kengaytirish, Sherobod tumanidagi Xoʻjaikon tuz gʻorini obodonlashtirish va turniket oʻrnatish uchun zarur mablagʻ ajratildi. Bir soʻz bilan aytganda, sayyohlar oshiqadigan har bir manzil infratuzilmasi yil sayin yaxshilanib, obod boʻlib bormoqda.

    Sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida viloyat boʻyicha bugungi kunda 8 ta axborot markazi tashkil etilgan boʻlib, ular muvaffaqiyatli ishlab turibdi. Bu markazlar Termiz shahri va tumani, Sariosiyo tumanining qoʻshni Tojikiston bilan chegaradosh hududida tashkil etilgan. Termiz arxeologiya muzeyi, viloyat oʻlkashunoslik muzeyi faoliyati voha oʻtmishini bamisoli koʻzguda aks ettirib turibdi. Shonli tarixning tilmochlari boʻlgan eksponatlarni koʻzdan kechirar ekansiz, uzoq oʻtmish koʻz oʻngizda gavdalanadi. Joriy yilda esa “Kushonlar davlati tarixi” muzeyini tashkil etish koʻzda tutilgan.

    Darvoqe, bu yil bahor faslida Boysun tumanidagi Padang qishlogʻida “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Anʼanaviy sanʼat bayramini koʻtarinki ruhda oʻtishini taʼminlashga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Bu yoʻnalishdagi ishlar asosan, yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik jamoat arboblari, mashhur sportchilar, ilm-fan, madaniyat va sanʼat vakillarini viloyatning turizm markazlari bilan tanishtiruv shaklida olib borilishi yoʻlga qoʻyiladi.

    Imkoniyat va istiqbol

    Surxondaryoda faoliyat yuritayotgan turizm sohasi xodimlari yuqorida aytib oʻtilgan dastur doirasida keyingi yillar uchun har jihatdan puxta oʻylangan istiqbolli loyihalar asosida faoliyat olib bormoqda. Xususan, joriy yil davomida viloyatga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar soni 100 ming nafarga, turizm xizmatlari eksporti hajmini esa 40 million AQSH dollariga, mahalliy sayyohlar tashriflari sonini 1 million nafarga yetkazish borasida jiddiy saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Shuningdek, Xonobod — Moʻynoq — Termiz turizm magistralini barpo etish loyihasi doirasida M-39 avtomagistrali yoʻlining Surxondaryo viloyatidagi Boysun, Sherobod, Termiz va M-41 avtomagistralining Qumqoʻrgʻon tumani hududidagi qismida “Servis point” va “Servis area” transport koridori loyihalari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, turizm obyektlarini oʻzida mujassam etgan elektron xarita yaratiladi.

    Joriy yilda 70 ta mehmonxona, 185 ta oilaviy mehmon uyi, 4 ta xostel, 37 ta sanatoriy qurish, shuningdek, 3 ta turistik agentlik, 5 ta turoperator, 15 ta turizm axborot markazi, 100 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, 100 ta Wi-Fi nuqtasi faoliyati yangidan yoʻlga qoʻyiladi. Viloyatda arxeologik, eko, agro, ziyorat, tibbiyot, gastronomik, ekstremal, etnoturizm yoʻnalishlarining keng imkoniyatlari mavjud. Shuning uchun ham turistlarni bu yoʻnalishlarga koʻproq jalb etishda qoʻl keladigan sharoitlar yaratish maqsadida 2022-yilda viloyatning Sariosiyo tumanida “Sangardak” turizm mahallasi, Sherobodda “Chorbogʻ”, Oltinsoyda “Xoʻjaipok”, Boysunda “Omonxona” hamda “Sayrob” turizm qishloqlari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bobur nomidagi istirohat bogʻida esa “Yoshlar turizm bogʻi” barpo etiladi.

    Natijada 7 mingdan ziyod ish oʻrni yaratiladi. Bu kabi maqsadlarga erishish uchun viloyatning turizm salohiyati yuqori boʻlgan Boysun, Sariosiyo, Sherobod va Oltinsoy tumanlarida mahalliy sayyohlarga qoʻshimcha sharoitlar yaratish uchun tabiat va togʻ yon bagʻirlarida kempinglar barpo etishga joylar ajratilmoqda. Bu yil viloyat turizm boshqarmasi tomonidan yapon olimi Kato Kyudzoning 100-yillik yubileyini keng nishonlash va xalqaro konferensiya oʻtkazish, “Anor sayli” hamda “Uzum sayli” festivallariga 20 ming nafardan ziyod sayyohni taklif qilish, bu festivallarda mahalliy brend mahsulot va suvenirlar savdosini kengaytirish rejalashtirilmoqda. Muxtasar aytganda, Surxondaryo viloyatining shonli oʻtmishi, bugungi zamonaviy qiyofasi, qolaversa, yaratilayotgan qulay infratuzilmalar vohaning jozibador turistik salohiyatini yanada oshirishga imkon bermoqda.

    Azimbek SAMADOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri