Sayyor davlat xizmatlaridan aholi va tadbirkorlar mamnun

    Mamlakatimizda 20 Yanvar 2023 888

    Sirdaryo viloyatida oʻtgan 2022-yilda Davlat xizmatlari markazlari orqali aholiga 320 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilgan boʻlsa, shundan 281 ming 73 tasi bevosita markazlarda amalga oshirildi.

    Eng koʻp davlat xizmatlari Guliston shahar Davlat xizmatlari markazi orqali koʻrsatildi. Jumladan, Guliston shahrida 76 ming 751 ta, Sirdaryo tumanida 36 ming 630 ta, Guliston tumani DXMda esa 31 ming 80 ta davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    Shuningdek, oʻtgan yilda davlat roʻyxatidan oʻtgan tadbirkorlik subyektlari soni 8 ming 391 tani tashkil etgan boʻlsa, shundan 365 tasi markazlarga kelmasdan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron tarzda davlat roʻyxatidan oʻtgan.

    30 mingga yaqin fuqaro xizmatlardan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali my.gov.uz orqali foydalandi.

    Viloyatning olis, chekka hududlarida istiqomat qiluvchi aholining davlat xizmatlariga boʻlgan talab va ehtiyojini qondirish maqsadida 38 ming 723 ta sayyor davlat xizmatlari koʻrsatildi.

    Joriy yilda ham fuqaro eʼtibor markazida tamoyili asosida aholi va tadbirkorlarga maksimal qulaylik yaratish maqsadida chora-tadbirlar belgilab olindi.

    Xususan, Sirdaryo viloyat Adliya boshqarmasi hamda Soliq boshqarmasi oʻrtasida hamkorlik rejasi tasdiqlanib, aholi va tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

    Ushbu hamkorlik samarasi oʻlaroq, Sirdaryo viloyatida dastlabki tadbirlar boshlab yuborildi. “Biz oʻzimiz keldik” loyihasi doirasida Guliston shahar davlat xizmatlari markazi va soliq inspeksiyasi xodimlari bilan hamkorlikda Guliston shahar dehqon bozori, Eski dehqon bozori hamda “Obod yurt” mahallasida joylashgan bozor hududida oʻtkazilgan sayyor davlat xizmatlari ana shular jumlasidandir. Sayyor xizmat koʻrsatish davomida 18 nafar fuqarolar yakka tartibda tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

    — Radioelektron apparatlar, maishiy mashinalar, maishiy priborlar, ofis mashinalari va hisoblash texnikasini taʼmirlash, oʻrnatish, ularga texnik xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanaman, — deydi yosh tadbirkor O.Jamolov. — Albatta, bugun aholining ushbu xizmatga talabi katta. Davlat xizmatlari markazining sayyor xizmatidan foydalanib, yakka tadbirkor sifatida roʻyxatdan oʻtdim, endi aholiga qonuniy va sifatli xizmat koʻrsataman.

    Albatta, sayyor xizmatlar orqali aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda koʻrsatish barobarida fuqarolarning idorama-idora sarson boʻlib yurishining oldi olinyapti. Guliston shahrida boʻlib oʻtgan sayyor xizmatlar davomida fuqarolarga 27 ta faoliyat turlari boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatildi, shuningdek 42 nafar fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi.

    Bir soʻz bilan aytganda, ushbu sayyor xizmatlardan aholi mamnun. Boisi hozirgi sovuq ob-havo sharoitida bu xalqimiz uchun yanada qulaylik yaratdi, boz ustiga ularning vaqti va naqdi tejaldi.

    Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.