Sayyoramizda har o‘n kishidan to‘qqiztasi ifloslangan havodan nafas oladi

    Ma’lumotlarga ko‘ra, aynan ifloslangan havo tufayli bir yilda yetti millionga yaqin odam hayotdan bevaqt ko‘z yumadi. Bu nihoyatda jiddiy, alohida e’tibor qaratish kerak bo‘lgan masala.

    “Zamin” fondi tomonidan BMTning Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi va milliy hamkorlar koʻmagida “Toza havoning inson hayoti sifati uchun ahamiyati” mavzusida muhokama oʻtkazildi.

    “Zamin” fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva oʻz kirish soʻzida:

    «Sayyoramiz kelajagi - hammamizniki, demak, atrof-muhit holatiga har birimiz javobgarmiz, oʻzimizdan boshlab xususiy sektorgacha, jamoat tashkilotlaridan hukumatlargacha - hammamiz birgalikda ish olib borishimiz shart.

    Bu borada amallarning katta-kichigi yoʻq, atrof-muhit uchun barcha harakatlar: oʻsimliklarga zarar yetkazmaslik yoki kichik daraxt ekish ham, katta korxonalarda chiqindilarni kamaytirish ham oʻta ahamiyatli», deb taʼkidladi.

    Tadbirda “Atmosfera havosi ifloslanishi monitoringini avtomatlashtirish” loyihasini amalga oshirish doirasida erishilgan natijalar taqdimot qilindi, bu boradagi xalqaro tajriba muhokama qilindi, havoni nazorat qilish chora-tadbirlarini eng namunali xalqaro amaliyotga muvofiq holda takomillashtirish boʻyicha kelgusi rejalar belgilab olindi.