Sayyoramizning eng keksa odami Mariya Morera o'zining 117 yoshini nishonladi

    Dunyodagi eng keksa odam ispaniyalik Mariya Branyas Morera o'zining 117 yoshini nishonladi. U 1907-yil 4-mart kuni AQShning San-Fransisko shahrida tug'ilgan, ammo sakkiz yoshida Kataloniyaga ko'chib o'tgan.

    Rekordchi so'nggi 23 yildan buyon qariyalar uyida yashaydi. 2023-yil yanvar oyida sayyoramizning avvalgi eng keksa ayoli, fransiyalik 118 yoshli Lyusil Randon vafotidan keyin Ginnesning rekordlar kitobi uni dunyodagi eng keksa odam sifatida e'lon qilgan edi.

    Eshitish qobiliyati zaifligi (bolaligida uning bir qulog'i kar edi) va harakatdagi qiyinchiliklardan tashqari Mariyaning sog'lig'ida hech qanday muammo yo'q.

    Mariya Morera tarixdagi o'n ikkinchi eng keksa odam. U 118 yoshga kirgach, beshinchi o'ringa ko'tariladi. Ginnesning rekordlar kitobiga ko'ra, dunyoda eng ko'p yashagan odam – fransuz ayoli Jan Kalman. U 122 yil 164 kun yashagan, deb xabar beradi mir24.tv.