Soʻnggi 15 yil ichida dunyoda sayyoramizdagi ekologik muammolarni hal etish yoki kamaytirishni koʻzda tutuvchi investitsiyalarni kiritishning yangi mexanizmlari hamda vositalari ishlab chiqildi. Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) dunyo va Oʻzbekistonda ana shunday “yashil” loyihalarning moliyalashtirilishini tahlil qildi.

Global Landscape of Climate Finance eʼlon qilgan soʻnggi hisobotga koʻra, 2019-2020-yillarda iqlim bilan bogʻliq moliyalashtirishning umumiy hajmi 632 milliard AQSH dollarini tashkil qilgan. Buning 321 milliard dollari jamoatchilik manbalari hisobidan, 310 milliard dollari esa xususiy manbalar tomonidan moliyalashtirilgan.

“Yashil” loyihalarni moliyalashtirishning muhim vositalari:
1. “Yashil” kreditlar
2. “Yashil” obligatsiyalar
3. “Yashil” investitsiya fondlari
4. Aktivlar bilan taʼminlangan qimmatli qogʻozlar (ABS)
5. Uglerod birjalari

Ayni chogʻda Oʻzbekistonda “yashil” moliyalashtirish faolligining ortishi qayd etilmoqda. Agar u ilgari xalqaro moliya institutlarining alohida loyihalari va grantlari koʻrinishida taqdim etilgan boʻlsa, soʻnggi yillarda moliyalashtirishning “yashil” kreditlar va obligatsiyalar kabi boshqa vositalari ham tatbiq etilmoqda. Hukumat MDH doirasida birinchi va dunyoda birinchilardan boʻlib Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirishga qaratilgan davlat obligatsiyalari - Sovereign SDG Bonds ni 2021-yil iyul oyida London fond birjasiga joylashtirdi. Hajmi 2,5 trillion soʻmni (235 million AQSH dollari atrofida) tashkil qiluvchi 14 foizli ushbu obligatsiyalar 3 yil muddatga chiqarildi. Olingan mablagʻlar 9 ta aniq milliy barqaror rivojlanish maqsadiga erishishni koʻzda tutuvchi tadbirlar va loyihalarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi. Ularning orasida “yashil” taraqqiyot maqsadlari ham bor.

“Yashil” moliyalashtirish vositalari xilma-xil boʻlib, korxonalarga investitsiyalarni davlat ishtirokisiz jalb qilish, “yashil” faoliyatdan moliyaviy foyda olish va atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish (bartaraf etish) imkonini beradi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar

instituti matbuot xizmati