Tadbirda Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondonligi, Mudofaa vazirligi tomonidan tayinlangan masʼul ofitserlardan iborat hakamlar hayʼati, faxriylar, yoshlar hamda musobaqada ishtirok etuvchi barcha okrug jamoalari qatnashdi.
Unda soʻz olganlar, “Eng ilgʻor mutaxassis” armiya oʻyinlari harbiy xizmatchilarda yuksak jangovar tayyorgarlik va professionallikni oshirish, qoʻshinlarda oʻzaro musobaqa ruhini kuchaytirish, harbiy mutaxassislarda yetakchilik xususiyatlarini rivojlantirish, harbiy jamoalarda sogʻlom raqobat hissi va barqaror maʼnaviy-axloqiy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdilar.
Shuningdek, Markaziy harbiy okrug qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Aybek Saidov yurtimizda karantin choralari yumshatilishi munosabati bilan, “Sazagan” va “Kattaqoʻrgʻon” dala-oʻquv maydonlarida oʻtkaziladigan mazkur tanlovlarni yurtdoshlarimiz karantin qoidalariga amal qilgan holda bevosita kuzatib borishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganini ham alohida taʼkidladi.
Tadbirning badiiy qismida Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi tomonidan goʻzal kuy-qoʻshiq va raqslar namoyish etilgan boʻlsa, harbiy xizmatchilarning qoʻl jangi koʻrgazmali chiqishlari yigʻilganlarga yana-da koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Harbiy texnika va qurol-aslahalar namoyishi, shuningdek yurt himoyachilarining kasbiy salohiyatlarini namoyon etuvchi jangovar mashgʻulotlar ham yoshlarda katta qiziqish uygʻotib, ularning milliy armiyamiz saflarida xizmat qilishga boʻlgan ishtiyoqini yana-da oshirdi.
Tadbir soʻngida, Nurobod tumanidan kelgan 6 ta maktab oʻquvchilari oʻrtasida tosh koʻtarish va arqon tortish kabi milliy sport oʻyinlari boʻyicha musobaqalar tashkil etilib, gʻoliblar okrug qoʻmondonligi tomonidan diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Shundan soʻng, “Eng ilgʻor mutaxassis” armiya oʻyinlari boshlandi. Dastlab, ishtirokchilar test sinovlari va jismoniy tayyorgarlik bahslariga jalb etildi.
“Sazagan” dala-oʻquv maydonida oʻtkaziladigan ushbu tanlovda ishtirokchilar “Eng ilgʻor mergan”, “Eng ilgʻor pulemyotchi”, “Eng ilgʻor granatomyotchi” “Eng ilgʻor AGS va SPG-9 hisoblari” mutaxassisligi boʻyicha bellashadi.
Eslatib oʻtamiz, bugun Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” dala-oʻquv maydoni va Markaziy harbiy okrug “Kattaqoʻrgʻon” poligonida “Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Eng ilgʻor mutaxassis” armiya oʻyinlariga ham start berildi. Bu haqida navbatdagi xabarlarimizda maʼlumot beramiz.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti