Buning uchun alohida raqamli platforma ishga tushiriladi. Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarning u yoki bu sportga qobiliyati aniqlanib, elektron platformaga kiritiladi. Sport maktablari bu mezonlar asosida oʻziga yoshlarni tanlab, jismoniy va psixologik tayyorlab boradi. Sportchilarning kundalik natijalari, erishayotgan yutuqlari ham yagona elektron tizimga joylashtiriladi.
Sport federatsiyalari ham eng yaxshi natija koʻrsatgan yoshlarni terma jamoa yigʻinlariga chaqirib, ularni seleksiya qilib boradi. Terma jamoaga jalb qilingan yoshlar uchun jismoniy koʻrsatkichlarni monitoring qiladigan raqamlashgan tizim yaratiladi.
Natijada sportchilarning koʻrsatkichlari xorijiy yoki tor soha mutaxassislariga onlayn yuborilib, tavsiyalar olish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, sportchilar kasal boʻlganida, ular qanday dori vositalarini isteʼmol qilishi mumkin yoki mumkin emasligi boʻyicha platformada onlayn konsultatsiyalar berib boriladi. Buni hisobiga doping bilan bogʻliq noxush holatlarni oldi olinadi.
Eng muhimi, bu tizim nafaqat sportchilar, balki ularning murabbiylari faoliyatini ham baholab borishga xizmat qiladi.