Seminar yoshlar yetakchilari faoliyatini tashkil etish dolzarb masalalariga bagʻishlandi

    Mamlakatimizda 28 Fevral 2022 1864

    Joriy yil 28-fevralda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari doimiy komissiyalarining oʻrni” mavzusida onlayn seminar tashkil etildi.

    Seminarda senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari aʼzolari, Kengash kotibiyati mudirlari, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari hamda Yoshlar parlamenti aʼzolari ishtirok etdi.

    Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 19-yanvardagi “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-92-sonli qaroriga asosan respublikamizning har bir mahallasida (9309 ta) “Yoshlar yetakchisi” lavozimi joriy etilgan.

    Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati hamda viloyat va tuman (shahar) boʻlimlari tarkibiy tuzilishiga ham tegishli oʻzgartirishlar kiritilgan. Jumladan, mahallalarda yoshlar yetakchilari faoliyatini muvofiqlashtirish, monitoring qilish hamda uslubiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparatida yangi boshqarma ham tashkil etilgan.

    Viloyat hamda tuman (shahar) boʻlimlarida esa mos ravishda “Mahalladagi yoshlar yetakchilari bilan ishlash” boʻlimi va “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash, “Yoshlar daftari” va “Yoshlar balansi”ni muvofiqlashtirish shoʻbasi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    Seminar davomida mahalladagi yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari hamda faoliyat yoʻnalishlari haqida batafsil maʼlumot berildi.

    Senatorlar tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari aʼzolari uchun tavsiyalar berildi.

    Xususan, mahallalardagi yoshlar yetakchilariga amaliy va uslubiy yordam koʻrsatib borish, Prezidentning ushbu qarori ijrosi ustidan taʼsirchan deputatlik nazoratini oʻrnatish hamda deputatlik vakolatidan foydalangan holda yetakchilarni qoʻllab quvvatlash boʻyicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, joylarga chiqib yetakchilar faoliyatining tashkil etilganlik holatini oʻrganish, aniqlangan muammo va kamchiliklarni sessiyalarda muhokama etish va ularni ijobiy hal qilish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqish, zarurat boʻlsa, ularni Senatga taqdim etish ham shular jumlasidan. Bundan tashqari, yoshlar yetakchilarini Kengashlar tomonidan tashkil etilayotgan turli siyosiy va targʻibot-tashviqot tadbirlariga keng jalb qilish, ularning siyosiy ongini oʻstirishga qaratilgan seminarlar oʻtkazib borish kabi tavsiyalar berildi.

    Tadbirda Yoshlar ishlari agentligi masʼullari hamda mahalliy Kengashlarning Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari aʼzolari soʻzga chiqib, oʻzaro hamkorlik olib borish yuzasidan fikr almashdi.

    Seminar yakunida Yoshlar yetakchilari faoliyatini tashkil etish va ularga amaliy yordam koʻrsatib borish Senatning doimiy eʼtiborida boʻlishi taʼkidlandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.