2023-yilning aprel oyida umumxalq referendumi orqali Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Yangi Oʻzbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi.

Asosiy qonunda muhrlangan ustuvor maqsad va vazifalarni amalga oshirish yuzasidan Oliy Majlis palatalari tomonidan oʻz faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilmoqda.

Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida maʼqullangan “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.

Qonun bilan parlament palatalarining faoliyatidagi parallellikni va bir-birini takrorlovchi vakolatlar aniqlashtirilmoqda. Senat aʼzolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartirilmoqda. Bunda, har bir maʼmuriy-hududiy birlikdan 4 nafardan senator saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari soni 7 tadan 2 taga qisqartiriladi. Bunda Spikerning oʻrinbosarlari fraksiya aʼzosi boʻlishi mumkin emasligi hamda lavozimda boʻlish davrida siyosiy partiyadagi aʼzolikni toʻxtatib turishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi va Senatning oʻzini oʻzi tarqatib yuborish vakolati kiritilmoqda. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida oʻtkazilishi, Senatning yangi tarkibi esa, 1 oy mobaynida shakllantirilishi nazarda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat – 100 ming nafardan kam boʻlmagan fuqarolar, Senat, Ombudsman va Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini Qonunchilik palatasiga kiritishi mumkinligi hamda parlament tekshiruvini oʻtkazish Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan oʻtkazishi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning normalarini amalga oshirishga, shuningdek, qonunlar qoidalarini Konstitutsiyaga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.