Senat chiqindi xizmatidan qarzi borlar elektrga toʻlov qilolmasligi boʻyicha muammolar borligini koʻrsatdi

    Qonunchilikka koʻra, shu yilning 1-avgustdan chiqindi xizmatlaridan qarzdorlar uchun elektr toʻloviga cheklov kuchga kirishi belgilangandi.

    Senatorlar maishiy chiqindilar xizmatlari boʻyicha toʻlov intizomini taʼminlashdagi amaliyot va dolzarb muammolarni muhokama qildilar.

    Amaliyotda esa bir qator dolzarb muammolar yuzaga kelmoqda. Jumladan:

    • “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “HET” mobil ilovasida aholiga maishiy chiqindilar xizmati boʻyicha qarzdorlik haqida maʼlumotlar aks etmayapti;
    • “Toza makon” elektron billing tizimi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimi oʻrtasida toʻliq integratsiya taʼminlanmagan;
    • Ayrim isteʼmolchilarda chiqindi xizmati boʻyicha shartnoma mavjud emas;
    • Abonent hisob raqamlarida noaniqliklar bor.

    Bunday holatlar jamoatchilik orasida turli savollar va tashvishlarga sabab boʻlmoqda.

    Yuqoridagi kamchiliklarni inobatga olgan holda, Senat qoʻmitasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Energetika vazirligiga maʼlumotlar almashinuvi jarayonidagi muammolar yuzasidan aniq maʼlumot taqdim etish va ularni bartaraf etish boʻyicha amaliyotga doir takliflar tayyorlab berish soʻraldi.