Senat delegatsiyasi Parlamentlararo ittifoqning 149-assambleyasida ishtirok etyapti

    Ayni vaqtda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Parlamentlararo ittifoqning 149-assambleyasida ishtirok etish uchun Shveysariyaning Jeneva shahrida boʻlib turibdi.

    Tashrif davomida delegatsiyamiz vakillari turli mavzudagi debatlarda, sessiyalarda ishtirok etyapti.

    Jumladan, senator Oral Ataniyazova Parlamentlararo ittifoqning “Salomatlik hamma uchun” dasturi sessiyasida maʼruza bilan ishtirok etdi.

    Mazkur dastur global salomatlikni mustahkamlash va barcha odamlar uchun tibbiy xizmatlardan teng foydalanishni taʼminlashga qaratilgan tashabbus hisoblanadi.

    Senator oʻz maʼruzasida Oʻzbekiston sharoitida ushbu dastur alohida ahamiyat kasb etishini, mamlakatda sogʻliqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish boʻyicha saʼy-harakatlar amalga oshirilayotganini, bu boradagi ishlar Parlamentlararo ittifoqning “Salomatlik hamma uchun” dasturi maqsadlari bilan hamohang ekanligini alohida taʼkidladi.

    Shu bilan birga, Senat Raisi boshchiligidagi delegatsiya tashrifning birinchi kuni bir qator uchrashuvlar ham oʻtkazdi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.